Uesliga Yevropa klublari qiziqmoqda
Italiyaning «Roma» va Braziliya terma jamoasi himoyachisi Uesli bir qator Yevropa klublarining diqqat markaziga tushdi. Calciomercato.it nashrining xabariga ko‘ra, futbolchining xizmatlariga Ispaniyaning «Barselona» va Madridning «Real» klublari qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, o‘ng qanot himoyachisi uchun Angliya Premer-ligasi klublari ham kurash olib bormoqda: «Arsenal», «Manchester Siti», «Nyukasl» va «Tottenhem». Manba ma'lumotiga ko‘ra, hozircha hech bir klub futbolchiga rasmiy taklif bilan chiqmagan.
22 yoshli futbolchi o‘tgan yozda «Flamengo»dan «Roma»ga ko‘chib o‘tgan. Nashrlarning yozishicha, transfer summasi 25 mln yevroni tashkil qilgan. Italiyaning «Roma» klubiga ko‘chishidan avval futbolchiga Sankt-Peterburgning «Zenit» klubi ham qiziqish bildirgan edi.