locale OZ

U-23 Osiyo kubogi. O‘zbekiston — Xitoy: o‘zaro uchrashuvlarda qanday natijalar qayd etilgan?

Chorak final uchrashuvi 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30da boshlanadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
U-23 Osiyo kubogi. O‘zbekiston — Xitoy: o‘zaro uchrashuvlarda qanday natijalar qayd etilgan?
Фото: ЎФА

Saudiya Arabistonining yashil maydonlarida davom etayotgan 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi musobaqasi hal qiluvchi pallaga kirdi. Guruh bosqichi nihoyasiga yetib, 16 jamoaning 8 tasi musobaqani tark etdi. Guruhlarda 1 va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar endi chorak final bosqichida kurashni davom ettiradi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi "C" guruhi peshqadami sifatida chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Xitoy esa "D" guruhida Iroq (0:0), Avstraliya (1:0) va Tailand (0:0) terma jamoalariga qarshi bellashuvlarda 5 ochko jamg‘arib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

O‘zbekiston — Xitoy: o‘zaro uchrashuvlar
O‘zbekiston va Xitoy U-23 terma jamoalari Osiyo kubogi doirasida shu kungacha uch bor to‘qnash kelgan bo‘lib, barcha uchrashuvlarda jamoamiz g‘alaba qozongan.

1. 2013 yil
U-22 maqomida ilk bor tashkil etilgan turnirda jamoamiz guruh bosqichida Xitoy bilan to‘qnash kelgan. Krimets va Sergeev kiritgan gollar evaziga raqib mag‘lub etilgan.
O‘zbekiston 2:1 Xitoy

2. 2018 yil
Ravshan Haydarov boshqaruvidagi U-23 terma jamoamiz Xitoy mezbonligida o‘tgan Osiyo kubogida chempionlikni qo‘lga kiritgan. Guruh bosqichida mezbon Xitoy Alijonovning yagona goli evaziga mag‘lub etilgan.
Xitoy 0:1 O‘zbekiston

3. 2020 yil
Tailandda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo kubogida O‘zbekiston va Xitoy "C" guruhidan joy olgan. Qobilov va To‘xtasinov gollari evaziga jamoamiz ishonchli g‘alabaga erishgan.
O‘zbekiston 2:0 Xitoy

Shuningdek, jamoalar o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari ham muntazam o‘tkazib kelinadi. So‘nggi bor 2025 yil noyabr oyida Xitoyda tashkil etilgan xalqaro turnir doirasida tomonlar o‘zaro to‘qnash kelib, bellashuv 0:0 hisobida yakunlangan.

Uchrashuv oldidan
Chorak final bahsi arafasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi darvozaboni Samandar Muratbaev Xitoyga qarshi o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

"Xitoy biz uchun begona jamoa emas. Ular bilan ko‘p o‘ynaganmiz. Xudo xohlasa, o‘z o‘yinimizni namoyish etib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz."

Mazkur bosqichda g‘alaba qozongan jamoa yarim finalda Vyetnam — BAA uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bellashuv 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi chorak final uchrashuvi 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30da Jidda shahridagi "Prince Abdullah Al Faisal Sports City" stadionida start oladi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting