«Tottenhem» Alvarez transferi uchun 130 mln yevro taklif qilishga tayyor
«Tottenhem» klubi yanvar oyida «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvarez uchun 130 million yevro taklif qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda El Nacional xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, London klubi argentinalik futbolchining shartnomasiga tovon puli bandini ham kiritishga tayyor. Bu band Alvarez keyinchalik faoliyatini Kataloniyada davom ettirishga qaror qilsa, uning «Barselona»ga o‘tishini osonlashtirishi mumkin. Hozircha «Tottenhem» va «Atletiko» tomonidan muzokaralar olib borilayotgani haqida rasmiy tasdiq yo‘q.
Avvalroq «Atletiko» klubi ommaviy ravishda «Barselona» bilan Alvarez transferi bo‘yicha muzokara olib borish niyati yo‘qligini va uning kataloniyaliklar safiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tishini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qilgandi.
Alvarez 2024-yil avgustidan buyon «Atletiko» safida o‘ynab kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2030-yil iyuniga qadar amal qiladi. Transfermarkt 26 yoshli hujumchining qiymatini 100 million yevroga baholamoqda.