Surxondaryo viloyati Sport boshqarmasida tayinlov amalga oshirildi
Bugun Sport vaziri oʻrinbosari Shaxrillo Maxmudovning Surxondaryo viloyatiga xizmat safari davomida viloyat hokimligi hamda Sport boshqarmasi mas’ullari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Sport vazirining tegishli buyrugʻiga muvofiq Maxmudov Ravshanbek Xudoyberdiyevich Surxondaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Ravshanbek Maxmudov 1979-yilda Surxondaryo viloyatining Angor tumanida tug‘ilgan. 2002-yilda Termiz davlat universitetini, 2021-yilda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodiyot, Kurash sporti.
Tayinlovga qadar Termiz shahar Sport maktabi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Yigʻilish ishtirokchilari Ravshanbek Xudoyberdiyevichni ushbu mas’uliyatli lavozimga tayinlangani munosabati bilan tabriklab, viloyat sportchilarining yuqori natijalarni qoʻlga kirtishida oʻzining bilim va tajribasini amaliyotda qoʻllashiga ishonch bildirishdi.