Superliga. Titanlar jangiga marhamat
Bugun Oʻzbekiston Superligasining 11-turidan oʻrin olgan oʻyinlar yakunlanadi. Kun doirasida Qarshining "Nasaf" klubi Zominda Namanganning "Navbahor" jamoasini qabul qiladi.
"Nasaf" jamoasi uchun mavsum omadli boshlanmadi. "Ajdarlar" chempionat doirasida oʻtgan 10 ta oʻyinning 3 tasida gʻalaba qozonishni uddaladi. Shuningdek, 4 ta bahsda raqiblari bilan murosa yoʻlini tanladi. Jamoa ayni vaqtda 13 ochko bilan turnir jadvalida 9-oʻrinni egallab turibdi.
Timur Kapadze boshqaruvidagi "Navbahor" esa 10 ta oʻyinning 6 tasida zafar quchdi. Shuningdek, "Soʻgʻdiyona" jamoasiga qarshi oʻyinda durang natija qayd etildi. "Lochinlar" ayni paytda 19 ochko bilan turnir jadvalida 5-oʻrinda bormoqda.
Mazkur jamoalar Superliga doirasida oʻtgan soʻnggi ikki oʻyinda bir xil natijalarni qayd etishdi. "Nasaf" jamoasi "Lokomotiv"ga magʻlub boʻlib, safarda "Paxtakor" bilan durang oʻynadi. "Navbahor" esa 9-turda "Soʻgʻdiyona" bilan durang oʻynadi, 10-turda esa "Bunyodkor"ga magʻlub boʻldi.
Ushbu jamoalar oʻrtasida oʻtgan mavsum Qarshida boʻlib oʻtgan oʻyinda Dragan Cheran tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga "Nasaf" jamoasi gʻalaba qozongan. Namanganda oʻtgan bahs esa golsiz durang bilan yakunlangan edi.
Xoʻsh, bugun qanday natija qayd etiladi? "Nasaf" oʻz mezbonligi ostida oʻtadigan oʻyinda zafar quchib, kuchlilar safiga qaytadimi? Yoki "Navbahor" safarda gʻalaba qozonib, kuchli uchlikka qaytadimi? Bu savolga bugun soat 20:00 da start oladigan oʻyinni tomosha qilish orqali javob topamiz.