Superliga klubi yozgi transferda 10 nafargacha yangi futbolchini musobaqaga qo‘shishi mumkin
Superliga reglamentining 11.4-bandida klub yozgi transfer oynasida besh nafar futbolchi va bir nafar darvozabonni musobaqa uchun ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligi qayd etilgan.
Bugunga kelib Superliga futbol klublari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 martdagi “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 107-sonli qarori asosida moliyalashtirilmoqda. Ayni vaqtda professional futbol klublarining faoliyat yuritish tartibi, bunda ularning mahalliy, chet ellik futbolchilari, xodimlariga ish haqi va boshqa to‘lovlarni mutanosib miqdorlarda to‘lanishini ko‘zda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shuningdek, Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining faoliyat yuritish tartibi ishlab chiqilmoqda. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlanguniga qadar Superliga klubi bilan mehnat shartnomasi imzolagan futbolchilarning oylik ish haqi va boshqa to‘lovlarini to‘lab berish masalasida qiyinchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.
O‘zbekistonda qishki transfer oynasi joriy yilning 20 fevral sanasida yopilganidan kelib chiqib, bir qator klublar o‘zining yillik xarajatlar smetasi to‘la tasdiqlanmay turib, ayrim yuqori haq oluvchi futbolchilar bilan shartnomalar imzolagan. Endilikda, klublar o‘z xarajatlarini optimallashtirish maqsadida mavsum qaydnomasiга kiritilgan ayrim futbolchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini muddatidan avval bekor qilish ustida ish olib bormoqda. Bu esa tabiiyki, klublarning yozgi transfer oynasi uchun siyosati va rejalariga o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etadi.
Liga mazkur masalalarni o‘rganib chiqqan holda, Superliga klublaridagi mavjud muammolarning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida reglamentning 11.4-bandini vaqtincha qisman yengillashtirish masalasini iyun oyida kun tartibiga qo‘ydi va mazkur masala yuzasidan klublar taklifini o‘rgandi. Ya’ni, qator klublar moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, ayrim mehnat shartnomalarini muddatidan avval bekor qilayotganligini inobatga olib, yozgi transfer oynasidagi cheklovni 2026 yilning ikkinchi yarmi uchun o‘n nafar futbolchi va ikki nafar darvozabon ko‘rinishida o‘zgartirish masalasi klublar bilan muhokama qilindi.
"Bunyodkor", OKMK va "Lokomotiv" klublaridan boshqa Superliganing 12 ta klubi mazkur masalani yoqlab ovoz berdi. "Andijon" klubi esa bu boradagi so‘rovni javobsiz qoldirdi. Shundan kelib chiqib, Liga reglamentda qayd etilgan bandning yozgi transfer oynasiga oid qismini 10 nafar futbolchi va 2 nafar darvozabon ko‘rinishida mavsum qaydnomasiга qo‘shishga ruxsat berishni maqsadga muvofiq deb topdi.