locale OZ

Superliga. «Dinamo» – «Andijon» uchrashuvi 15-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Superliga. «Dinamo» – «Andijon» uchrashuvi 15-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi
Фото: UzPFL

Superliga 21-tur bellashuvlari sanasi iyul oyida e’lon qilingan bo‘lib, bunda “Nasaf” va “Andijon” klublarining xalqaro maydondagi ishtiroki inobatga olingandi.

25-avgust kuni esa “Dinamo” mazkur turdan o‘rin olgan va 11-sentabrga belgilangan “Andijon”ga qarshi o‘yinni boshqa sanaga ko‘chirishni so‘rab murojaat qildi. “Superliga va Pro-liga reglamenti”ning 10.9-bandiga ko‘ra, olimpia terma jamoasiga uch va undan ko‘p futbolchisini taqdim etayotgan klub uchrashuv sanasini boshqa kunga ko‘chirishni so‘rab murojaat qilishga haqli. O‘FA rasmiy sahifalari 25-avgust kuni Ravshan Haydarov boshchiligidagi olimpiyachilarning Osiyo kubogi saralashida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan tarkibini e’lon qildi. Undan esa “Dinamo” klubining 4 futbolchisi: Edem Nemanov, Jahongir O‘rozov, Mahmudjon Mahamajonov va Oybek Ormonjonov joy olgan.

Biroq reglamentning 15.8-bandida klubda o‘yin sanasini o‘zgartirish zarurati vujudga kelsa, u rasmiy uchrashuv sanasi boshlanishiga 20 kun qolguniga qadar Ligaga murojaat qilishi lozimligi ko‘rsatilgan. “Dinamo” O‘FA olimpiyachilarning yakuniy tarkibini rasman e’lon qilishi bilanoq Ligaga xat yo‘lladi. Shundan kelib chiqib, Liga “Dinamo”dagi vaziyatni to‘g‘ri tushundi. Ammo 17-sentabr kuni safarda “Arkadag” bilan o‘yin o‘tkazishi aniq bo‘lgan “Andijon” klubi ham o‘z rejalarini allaqachon ishlab chiqqan bo‘lib, klub Samarqanddagi o‘yin va unga bog‘liq tashkiliy masalalarni ham to‘liq hal qilib qo‘ygandi. Shundan kelib chiqib, andijonliklar “Dinamo” taklifiga binoan Superliga o‘yinini bir kun keyinga ko‘chirishga rozi bo‘lmadi.

“Andijon”ning xalqaro maydon va Superligadagi ishtirokidan bo‘sh turgan faqatgina ikki oraliq haftalik mavjud. Biroq uning birinchisida “Dinamo” mamlakat kubogi doirasidagi o‘yinda ishtirok etadi. Ikkinchisiga esa O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi belgilangan bo‘lib, “Dinamo” 29-oktabr kuni uning doirasida maydonga tushishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Liga klublarga ikki taklif berdi: uchrashuvni avvaldan belgilanganidek 11-sentabr kuni o‘tkazish yoki terma jamoalarga klublarning futbolchilari ehtimoliy jalb etilishidan qat’i nazar, bellashuvni FIFA kunlaridan birida o‘tkazish. “Dinamo” oktyabr oyidagi FIFA kunlari uchun o‘z rejalarini ishlab chiqqan. Shundan kelib chiqib, har ikkala klub noyabr oyidagi FIFA kunlarida maydonga tushish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Endilikda Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Dinamo” — “Andijon” uchrashuvi 15-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting