locale OZ

«So‘g‘diyona» klubining so‘nggi ikki uy uchrashuvi Zominda o‘tkaziladi

“So‘g‘diyona” 2 noyabr kuni Superliga doirasida “Qizilqum” klubini, 22 noyabrda esa “Bunyodkor” klubini qabul qiladi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
“So‘g‘diyona” klubining so‘nggi ikki uy uchrashuvi Zominda o‘tkaziladi
Фото: UzPFL

Jizzax shahrida joylashgan “So‘g‘diyona” stadionida ta’mirlash ishlari boshlandi. “So‘g‘diyona” klubi rahbariyati tashrif buyuruvchi muxlislarga yaqin kelajakda qulaylik yaratish maqsadida “So‘g‘diyona” stadionida uch yo‘nalishda ish olib borishni rejalashtirgan:

• tribunalar sonini ko‘paytirish;

• tribunalar ustini quyosh va yog‘ingarchilikdan himoya qiluvchi tom bilan yopish;

• tribunalar ustini yopib turuvchi tom bo‘ylab stadion yoritgichlarini o‘rnatish.

Liga muxlislar komforti uchun amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, tribunalar ustini yopish tendensiyasi start olayotganini mamnuniyat bilan qabul qiladi.

Qayd etish kerak, avvalroq “So‘g‘diyona” stadionining drenaj, sug‘orish va yoritish tizimi, shuningdek, maydon maysasi yangilangan edi. Ayni vaqtda chim parvarishi yuzasidan ayrim kamchiliklar mavjudligi Ligaga ma’lum. Kelajakda mazkur masala “Stadionlar reglamenti” bilan qayta tartibga solinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, avvalroq “So‘g‘diyona” klub uchun alohida baza bunyod qilingan bo‘lib, 2025-yildan e’tiboran klub o‘z akademiyasini shakllantirishni boshladi. Ya’ni, “So‘g‘diyona” Liga talablari asosida bosqichma-bosqich to‘liq ma’noda professional klubga aylanib bormoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Liga “So‘g‘diyona” klubining so‘nggi ikki uy uchrashuvi Zominda bo‘lib o‘tishiga ruxsat berdi. Bellashuvlar shanba va yakshanba kunlariga to‘g‘ri kelayotgani bu borada muhim rol o‘ynadi. Noyabr oyida bu kunlarda uchrashuvlarni ertaroq boshlash imkoni mavjud.

Biroq “Zomin” stadionini 2026-yilgi mavsumga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yana bir qator talablar bajarilishi lozim. Zero, “So‘g‘diyona” stadionidagi ta’mirlash ishlari ishchi reja bo‘yicha 2026-yilning ikkinchi davrasigacha davom etishi katta ehtimol. “Zomin”dagi stadionni 2026-yilgi mavsumga qabul qilish masalasida Liga keyinroq qo‘shimcha ma’lumot beradi.

Ma’lumot uchun, “So‘g‘diyona” 2 noyabr kuni Superliga doirasida “Qizilqum” klubini, 22 noyabrda esa “Bunyodkor” klubini qabul qiladi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting