Slot: «Saloh uchun maydonni tark etish naqadar ogʻirligini yaxshi bilamiz»
«Liverpul» bosh murabbiyi misrlik hujumchining jarohati haqida gapirdi.
FOTO: Getty Images
«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot Angliya Premyer-ligasining 34-turidan o‘rin olgan «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda (3:1) mersisaydliklar qanot hujumchisi Muhammad Salohning olgan jarohati haqida fikr bildirdi.
Misrlik futbolchi 59-daqiqada jarohati sabab maydonni tark etgan edi.
«Yana bir g‘alaba va yana bir jarohat. Bu bizning mavsumimiz hikoyasiga aylandi. Hozircha bir narsa deyishga erta, lekin barchamiz Moni va uning uchun maydonni tark etish naqadar og‘irligini yaxshi bilamiz. Uning maydonni tark etgani ko‘p narsadan dalolat beradi, ammo jarohat qanchalik jiddiy ekanini bilish uchun kutishimiz kerak», — dedi Slot.
Ta’kidlash joizki, Misr terma jamoasi hujumchisi ingliz klubi safidagi so‘nggi mavsumini o‘tkazmoqda.
Nasrullo Karimov
Jurnalist