Sherzod Jo‘raev: \"Qaysi yo‘nalishda bo‘lsa ham, ‘Navbahor’ muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shish men uchun sharaf\"
Xabaringiz bor, mahoratli mutaxassis Sherzod Jo‘raev murabbiylik qilayotgan “Navbahor-U-21” yoshlar jamoasi U-21 Birinchiligining birinchi davrasini 15 ta o‘yindan 32 ochko jamg‘argan holda, peshqadam sifatida yakunladi.
Shu munosabat bilan "Navbahor" matbuot xizmati Sherzod Jo‘raevdan intervyu oldi.
– Assalomu alaykum! Sherzodbek, avvalo Sizni U-21 jamoamizning birinchi davra yakunidagi peshqadamligi bilan tabriklaymiz...
– Va alaykum assalom, tabrik uchun rahmat.
– Aytingchi, “Navbahor-U-21” jamoasiga o‘tishingiz qanday sodir bo‘lgandi?
– Joriy mavsum avvalida o‘sha paytdagi “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Otabek Samatov hamda jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushanlar chaqirib, bo‘lajak mavsumda “Navbahor – U-21” yoshlar jamoasi boshqaruviga o‘tishimni taklif qilishdi. Ushbu taklif borasida ko‘p ikkilanmadim va yangi chaqiriqqa darhol rozilik berdim. Qaysi yo‘nalishda bo‘lsa ham “Navbahor” muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shish men uchun sharaf. Shu sabab bu taklifga zudlik bilan rozilik bildirdim.
– Yoshlar jamoamizning birinchi davradagi muvaffaqiyati siri nimada?
– Namangan azaldan iste’dodli va iqtidorli futbolchilar o‘chog‘i hisoblanadi. O‘sha iste’dodli bolalarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirsangiz, ular bilan ko‘proq ishlasangiz, zarur tavsiyalar bersangiz, vaqti-vaqti bilan yetarli o‘yin amaliyoti taqdim etsangiz, yoshlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi oshadi. Yigitlarning ayrimlari bilan o‘zaro suhbat, ayrimlari bilan esa individual tarzda ishladik.
– Bu yilgi U-21 musobaqasining o‘yinlari borasida fikringiz qanday?
– So‘nggi yillarda yurtimizda o‘smirlar va yoshlar futbolida katta o‘sish kuzatildi. Turli yosh toifalaridagi terma jamoalarimiz qit’a chempionligini qo‘lga kiritmoqda. Shu nuqtai nazardan olganda, U-21 turniri o‘yinlari tomoshabop va yuqori darajada o‘tmoqda. Ushbu turnirda yaxshi o‘sish bor.
– Yoshlar jamoamizning birinchi davradagi eng yorqin va eng qiyin o‘yinlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...
– Men shogirdlarimga har doim yurtimizning bayroqdor jamoalariga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatinglar, deb ta’kidlayman. “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunyodkor” jamoalari o‘z akademiyalariga ega va ushbu klublarning turli yosh toifalaridagi jamoalarida iqtidorli yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ushbu klublarning yoshlar jamoalariga qarshi bahslarda ijobiy natijaga erishsak, bu qolgan bellashuvlarga motivatsiya bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib, aytishim mumkinki, “Bunyodkor-U-21” (10-tur, yoshlarimiz 4:3 hisobida g‘alaba qozongan) va “Paxtakor-U-21” (15-tur, yoshlarimiz 3:1 hisobida g‘alaba qozongan) jamoalari bilan bo‘lgan uchrashuvlarni biroz qiyin, ammo yorqin o‘yinlarimiz bo‘ldi, deb hisoblayman.
– Yoshlar jamoamizning maqsadi, asosiy jamoaga futbolchilar yetkazib berishdan iborat. Shunday ekan, siz hozirda “Navbahor- U-21” yoshlar safidagi kimlarni asosiy jamoaga tavsiya qila olasiz?
– To‘g‘ri aytdingiz, asosiy vazifamiz “Navbahor”ning asosiy tarkibiga mahoratli futbolchilar yetkazib berish. Ayni damda yoshlar jamoamiz tarkibida o‘ynayotgan barcha o‘yinchilar yuqori potensialga ega yoshlar hisoblanadi. Ular orasidan, shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etishsa, vaqti kelib, Ozodbek Ma’rupov, Sherzodbek Abdulboriyev, Alisher Miraliyev, Isoxon Musaxonov va Habibullo Japaraliyevlar asosiy jamoamiz tarkibidan o‘rin olishadi, degan umiddaman.
– Bir paytlar “Navbahor”ning asosiy jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgansiz. Bu yilgi Superliga musobaqasi borasidagi fikrlaringiz qanday?
– Superliga musobaqasi har doim qiziqarli o‘tadi. Bu yilgi "Navbahor" yangilanib, tubdan o‘zgardi, deb ayta olaman. Jamoa oldingi mavsumlarga qaraganda, tomoshabop futbol namoyish etyapti va buni ko‘pchilik e’tirof etmoqda. “Lochinlar”ning o‘yini hamma uchun ma’qul, menimcha. Joriy mavsumda “Nasaf”, “Navbahor”, “Paxtakor” va OKMK jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilish maroqli bo‘lyapti. Ushbu jamoalar raqiblarning o‘yin taktikasidan kelib chiqqan holda, turli uslublarda o‘ynamoqda. Ular qatoriga “Dinamo”ni ham qo‘shishimiz mumkin. Bundan tashqari, “So‘g‘diyona” jamoasining amalga oshirayotgan transferlaridan kelib chiqib, ikkinchi davrada jizzaxliklar ham kuchlilar qatoridan joy olish uchun harakat qilishsa, musobaqa yanada qiziqarli tus oladi, deb o‘ylayman.
– Joriy mavsum avvali siz va jamoangizga og‘ir keldi. Dastlabki turdagi texnik mag‘lubiyat, 2-turdagi Jizzaxdagi alamli, yirik - 2:6 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng yoshlar jamoamiz futbolchilarining ruhiy holati juda og‘ir bo‘lib qolgan edi. Ushbu vaziyatdan qanday chiqib ketdingiz? Shogirdlaringizga qanday so‘zlarni topib gapirdingiz?
– Juda to‘g‘ri aytdingiz, mavsum starti juda og‘ir bo‘ldi, ya’ni, 2-turdan so‘ng jamoamizda ahvol juda tang edi. O‘sha paytda ichimdan o‘tgan his-tuyg‘ularni o‘zim yaxshi bilaman. Lekin ushbu vaziyatdan chiqib keta olishimga ishonchim komil edi. Biz to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizga, hech narsani o‘zgartirish shart emasligiga amin edim. Sababi, “Navbahor-U-21” jamoasini qabul qilib olganimdan so‘ng, Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Hokim kubogi-2025” musobaqasida ham start og‘ir bo‘lgan, turnirni erta tark etishimizga oz qolgandi. Allohga tavakkal qilib, shogirdlarim bilan gaplashib, ularga ruhiy dalda berdim va yakunda kubokni qo‘lga kiritdik. Bu safar ham tanlagan yo‘limiz to‘g‘ri ekanligini bilardim va o‘sha yo‘ldan qaytmadik. Buni amalga oshirish uchun esa biroz ko‘proq ishladik, futbolchilar bilan birga 3-4 soatlab o‘tirib, o‘yinlarni tahlil qilib, o‘yinchilarning xatolarini muhokama qildik.
Yigitlarni ushbu vaziyatdan chiqib ketishlariga ishontira oldik. Natijada ular buni uddalashdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Bundan tashqari, bu muvaffaqiyatga bir o‘zim erishdim, degan fikrga umuman qo‘shilmayman. Futbol jamoaviy o‘yin. Shunday ekan, og‘ir vaziyatdan chiqib ketishimizda yonimizda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlarning ham munosib hissasi bor. Bu borada “Navbahor” PFK rahbariyati, jumladan, o‘sha paytdagi klub vitse-prezidenti Otabek Samatov, jamoa boshlig‘i Farhod Umaraliyev, ustoz murabbiy, tajribali murabbiy Usmonjon Ahmedovich Asqaraliyev o‘z maslahatlarini berib turishdi, shuningdek, murabbiylar shtabidagi yordamchilarim - Azam Rajabbayev, Alisher Mahmudov va Hasan Rizaevlar ham juda katta yordam berishdi, klub xodimlari, hamda muxlislar ham barchasi oldinda ekanligini ta’kidlab, ruhiy jihatdan dalda berishdi.
Ushbu omillar o‘z mevasini berib, yoshlar jamoamiz davralar oralig‘idagi tanaffusga peshqadam sifatida chiqib ketdi va bundan juda xursandman.
– Siz ko‘p yillar davomida “Navbahor”ning asosiy jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan ekansiz. Aytingchi, ushbu jamoada olingan tajriba asqotyaptimi?
– Albatta, asosiy jamoada olingan tajribadan yoshlar jamoasidagi faoliyatimda foydalanayapman. Men o‘ziga xos uslubga ega murabbiylar bilan birga ishladim. Masalan, Andrey Kanchelskis futbolchilarning jismoniy holatiga, Nomon Hasanov esa taktik holatlarga, Samvel Babayan esa tartib-intizomga qattiq e’tibor berishardi va ularning barchasi futbolchilarning ruhiyatini ko‘tarishda tengsiz edilar. Marhum Viktor Jalilov esa yangi futbolchilarni kashf etadigan mutaxassis edi. Ayni paytdagi “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushanning ham o‘ziga xos uslubi bor, u yoshlarga ishonch bildirishdan qo‘rqmaydigan, hujumkor taktika qo‘llaydigan mutaxassis.
Yuqorida nomlari keltirilgan murabbiylardan o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarimni ayni paytda faoliyatimda qo‘llamoqdaman.
– Oldinlari “Navbahor”da bitta kamchilik ko‘zga tashlanardi, ya’ni, yosh futbolchilarning o‘tish davrida yo‘qolib qolishlarini kuzatardik. So‘nggi yillarda yorqin o‘yinchilar yetishib chiqmayotgan edi. Nazarimda, siz ushbu muammoni bartaraf etishga erishayotgandeksiz. “Navbahor-U-21” jamoasi safida 18-19 yoshli yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchilar ko‘zga tashlanmoqda. Qolaversa, yoshlar jamoamizdagi o‘yinlari orqali asosiy jamoa tarkibidan o‘rin olayotganlarni ko‘rmoqdamiz. Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...
– Bu haqida hozir bir nima deyish biroz erta. To‘g‘ri, hozirda iste’dodli yoshlar juda ko‘p, ammo ularni asosiy jamoaga jalb etib, Mirzohid G‘ofurov, Azimjon Ahmedov, Abbosjon G‘ulomov, Ruslanbek Jiyanov kabi futbolchilar qatorida asosiy jamoa havosidan nafas olib, ularga 5 yoki 10 daqiqa bo‘lsa ham, qisqa bo‘lsa-da, asosiy jamoada imkon berib turilsa, avlodlar almashinuvi davrida qiynalmaymiz, deb o‘ylayman.
– Siz avvalgi mavsumlarda asosiy jamoada futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha faoliyat yuritgansiz. O‘sha vaqtda asosiy jamoada jarohatlar nisbatan kamroq kuzatilardi. Endi shu holat “Navbahor-U-21”da ham ko‘zga tashlanmoqda. Ko‘z tegmasin, futbolchilarning jarohatlanishlari deyarli kuzatilmayapti. Bu borada qanday ishlarni amalga oshiryapsiz?
– Har doim o‘z ustimda ishlashga harakat qilaman. Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib, o‘z uslubim va mavsumiy rejalarim, dasturim mavjud. Shu dastur asosida ish tashkil qilaman. Xudoga shukr, hozircha jarohatlar kam kuzatilmoqda. Sportchining birinchi raqamli dushmani - bu jarohat hisoblanadi. Shu sababli shogirdlarimni jarohatdan uzoqroq tutishga harakat qilaman.
– Yoshlar jamoamizning asosiy raqiblari – “Bunyodkor U-21” (10-tur, 4:3), “Nasaf-U-21” (12-tur, 2:0) va “Paxtakor-U-21” (15-tur, 3:1) jamoalari safarda mag‘lubiyatga uchratildi. Bunga qanday erishildi?
– Yuqorida ta’kidlaganimdek, siz sanab o‘tgan jamoalar kuchli akademiya va iste’dodli futbolchilarga ega hisoblanadi. Biz barcha o‘yinlarga jiddiy yondashamiz va yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Ammo sanab o‘tilgan jamoalarga qarshi o‘yinlarga nisbatan boshqacharoq yondashib, raqib o‘yinlarini o‘rganib, shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ramiz.
– Raqibni o‘rganish ishlari qanday kechadi?
– Bu borada yordamchi murabbiy Azam Rajabbayev bizga katta yordam beradi. U raqibning jamoamiz bilan bo‘ladigan bahslaridan oldingi 2-3 ta o‘yinlari video yozuvini olib keladi. Biz murabbiylar shtabi vakillari birga o‘tirib, raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilamiz va shundan kelib chiqib, raqibga nisbatan taktika tanlaymiz.
– Sizning boshqaruvingizda yoshlar jamoamiz alohida futbolchi atrofida o‘yin qurmayapti. O‘tgan mavsumda biz ko‘proq Navro‘zbek Iminjanov atrofida o‘yin qurish harakatlarini ko‘rardik...
– Biz qaysidir futbolchiga bog‘lanib qolish uslubidan to‘liq voz kechdik. Bizda hamma futbol o‘ynashi kerak. Zamonaviy futbolning talabi - 11 nafar o‘yinchi hujum qilishni ham, himoyalanishni ham bilishi kerak. Vaziyat taqazo etsa, darvozabon ham gol urishi yoki hujumchimiz darvozamizga to‘p kiritilishining oldini olishi mumkin. Men biror futbolchiga bog‘lanib qolishni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Jamoamizda kimdir xato qilsa, jamoadoshlari uning xatosini to‘g‘rilash uchun o‘ynaydi. Futbol bu - jamoaviy o‘yin. Masalan, Jiyanov va Odilovlar maydonda rang-barang futbol o‘ynashadi, juda tez fikrlashadi. Men ham shogirdlarimga tezroq qaror qabul qilish va tez o‘ylashni ta’kidlayman.
– Yaqin o‘tgan futbolchi sifatida shogirdlaringiz yomon va zararli illatlardan uzoq bo‘lishi uchun qanday yo‘l tutasiz?
– Men shogirdlarim bilan doimo birgamiz. Vaqti kelib og‘ayni, aka, uka bo‘laman. Hech qachon futbolchilarga to‘siq qo‘yishga uringan emasman. Yigitlar bilan birga ovqatlanamiz. Maydonda faqat qat’iylik va o‘yin davomida asabiylashib, baqirishim mumkin. Maydon tashqarisida esa do‘stona muhitda fikr almashib, barcha bilimlarimni berishga harakat qilaman. Shogirdlarim uchun har doim ochiqman. Agar men ularga yopilib olsam, futbolchilar dardlarini kimga aytishadi? Axir, ular yoshlar jamoamiz yuzi-ku!
– Namangandan ko‘plab taniqli futbolchilar yetishib chiqqan, ammo viloyatimizdan oliy va Superligada ishlagan sanoqli murabbiylar bor, xolos. Usmon Asqaraliyev shular jumlasidan. Ko‘p yillardan buyon Namangandan yaxshi mutaxassis yetishib chiqmayapti. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
– Har bir sohaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi, past-balandliklari bor. Balki, buning vaqti-soati bo‘lmayotgandir. Hozir murabbiy sifatida ishlash qiyin.
– Sizga Superliga jamoalaridan taklif bo‘lsa, qabul qilasizmi?
– Ko‘p yillardan buyon juda kuchli mutaxassislar bilan birga ishlash nasib etdi. O‘tgan davr davomida shunchaki vaqtni zoye qilib yurmadim. Har bir ishlagan mutaxassisdan nimanidir olishga harakat qilib, o‘zimga yarasha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldim. Bilganlarimizni amalda sinab ko‘ryapmiz, bilmaganlarimizni esa o‘qib o‘rganmoqdaman. Agar Superligada ishlash imkoniyati chiqsa, o‘zimda ishonch bor, albatta bunga tayyorman. Yuqoriroqdan chaqiriq bo‘lmasa, faoliyatimni shu nuqtada yakunlaganim yaxshi. Barcha mutaxassislar o‘sishni istashadi va shunga intilishadi. Men ham shunga harakat qilyapman, hali yana tajriba orttirishim kerak.
– Ortda qolgan birinchi davradagi qaysi o‘yinni imkon bo‘lsa, boshqatdan o‘ynar edingiz?
– “So‘g‘diyona-U-21” jamoasiga qarshi bo‘lgan bellashuvni. Chunki o‘sha uchrashuvda yirik hisobda imkoniyatni boy bergandik (2-tur, 2:6).
– Birinchi davradagi yoshlar jamoamiz uchun eng qiyin kechgan o‘yin qaysi bo‘ldi?
– “Xorazm-U-21” (9-tur, 1:1) bilan bo‘lgan uchrashuv. O‘sha bahsda urganchliklar shogirdlarimga munosib qarshilik ko‘rsata olishgandi.
– Muxlislarga tilaklaringiz...
– Avvalo, yoshlar jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga rahmat aytaman. Ularning oilalari tinch-totuv bo‘lsin. Ishqibozlar doimo U-21 jamoamiz o‘yinlariga ham kelib, eng og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlab turishdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Qolaversa, bizga ko‘mak va yordam berayotgan barchaga rahmat aytaman. “Navbahor” jamoamiz ham bu yil chiroyli o‘yinlar namoyish etmoqda. Ilohim, asosiy jamoamiz joriy mavsum yakunida sovrindorlar safidan joy olib, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritib, barchani xursand etish nasib etsin.