Shaxs sha'ni, qadr-qimmati va klub imiji masalasi – «Dinamo» PFKning Kingsley Sarfo bo‘yicha rasmiy bayonoti
Ijtimoiy tarmoqlarda “Dinamo” PFK futbolchisiga aylangan ganalik Kingsley Sarfo haqida turli mish-mishlar tarqatildi. Klub bu borada rasmiy munosabat bildirib, quyidagilarni ma'lum qiladi:
Klub ganalik 30 yoshli legioner Kingsley Sarfo bilan yanvar oyida bir yillik shartnoma imzoladi. Aksariyat manbalarning “Dinamo” ganalik yarimhimoyachini “sotib olgani, transfer qilgani” haqidagi gaplar asossiz. U jamoa safiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi.
“Dinamo” PFK futbolchi bilan shartnoma imzolashdan avval uning sport karerasidagi faoliyati bilan tanishib, Sarfoning maydondagi harakatlarini tahlil qilib o‘rgangan, jamoa o‘yinini kuchaytirishi borasida xulosaga kelgach, so‘ng shartnoma imzoladi. Klub uning qariyb 10 yil avvalgi o‘tmishidan xabardor bo‘lmagan.
Futbolchining tasdig‘iga ko‘ra, bundan 9 yil avval – 2017 yil Shvediyadagi faoliyati davomida o‘zi tanishgan qiz bilan yaqin munosabatda bo‘lgach, Shvediya qonunchiligiga ko‘ra, o‘shanda qiz voyaga yetgan deb hisoblanishiga yana bir yildan kamroq vaqt bo‘lgan. Shu bois afrikalik futbolchining o‘zaro rozilik asosidagi yaqinlashuvi Shvediyada omma e'tiboriga tushib, mamlakat qonunchiligiga ko‘ra jinsiy zo‘ravonlik sifatida malakalanadi. Sud ishida Sarfo qizning voyaga yetmaganidan xabari bo‘lmaganini isbotlagach, u 32 oyga qamoq jazosi va jarimaga tortilgan, yakunda 1 yil-u, 10 oyda ozodlikka chiqarilgan. Ya'ni, u qilgan ishi uchun jazoni o‘tagan. Shundan so‘ng u o‘tgan 6 yil davomida Yevropadagi faoliyati davomida “Olimpiakos”, APOEL klublari safida muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi, mamlakat chempioni bo‘ldi, Yevropa Chempionlar ligasi va evrokubok bahslarida maydonga tushgan. Kingsley hozirgacha o‘z mamlakati Ganada xayriya ishlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Sarfo bilan shartnoma imzolanganidan qariyb uch hafta o‘tib, bu xabarlar ketma-ket tarqatilgani nega yoki kimga kerak bo‘lgani sababi klub uchun mavhum.
Shu o‘rinda, katta auditoriyaga ega rasmiy va norasmiy telegram kanallar, blogerlar va turli manbalarni – e'lon qilingan sarlavha, xabar va postlarda shaxs sha'ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar va harakatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini unutmaslikni so‘raymiz. Shu bilan birga, maydon va uning tashqarisidagi halol kurash va shaffof raqobat prinsipi asosida rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilishga intilayotgan “Dinamo” PFKni salbiy bo‘yoqda ko‘rsatishga bo‘lgan urinishlarni klub imijiga putur yetkazish sifatida baholab, o‘z haq-huquqini amaldagi qonunlarga ko‘ra tegishli organlar orqali himoya qilishga tayyorligini bildiradi.