Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli stadion qurilishiga tamal toshini qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni Yangi Toshkentda yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2 oktyabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi 2027 yilgi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ortiq bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.
"Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. QIYMATI 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi", – dedi davlat rahbari.
Yangi Toshkent hududidagi barcha loyihalar zamonaviy me’morchilik va milliy qadriyatlar uyg‘unligida ekologik va “aqlli boshqaruv”ga asoslanib barpo etilmoqda. Shu umumiy konsepsiya asosida quriladigan yangi stadion ham tabiat bilan uyg‘un bo‘ladi hamda “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va “qulay muhit” tamoyillariga asoslanadi.
Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.
Bu inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi o‘n yillik rivoji uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan chempionatga tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinishi aytildi. Infratuzilma, transport, mehmonxona, tibbiy xizmat va volontyorlik tizimlari bo‘yicha mas’ul vazirliklarga aniq vazifalar belgilab beriladi.
"Yangi Toshkent stadioni uchun hozir biz qo‘yadigan tamal toshi – bugungi mehnatimizning va ertangi g‘alabalarimizning asosidir. Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri bo‘lib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovg‘a bo‘ladi", – dedi Prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.