Sergey Lushan: «Xatolarni tahlil qilib, ishlashda davom etamiz»
Oʻzbekiston Superligasining 19-turidan oʻrin olgan “Navbahor” – “Neftchi” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida "lochinar" bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
- Oʻyin haqidagi fikringiz?
- Maydonda kurash kechdi. Derbi oʻz nomi bilan derbi boʻldi. Raqib birinchi boʻlimda katta hududga ega chiqdi. Bizda esa hujumda hech nima oʻxshamadi. Oʻyin golga qadar davom etdi. Kim xato qilsa, shu yutqazishi sezilgandi. Oʻz maydonimizda yutqazish doimo alamli. Darvozamizga urilgan golda darvozabonni ayblay olmayman. Shunchaki zarba kuchli chiqdi. Bunday gollar boʻlib turadi. “Neftchi”ni gʻalaba bilan tabriklayman. Bu jamoa tarkib boʻyicha bizdan kuchli.
- Bugun “Navbahor” oʻz oʻyinini koʻrsatishi uchun nima halaqit berdi?
- Raqib halaqit berdi. Xatolarni hamma qilishi mumkin. Biz ham, raqib ham xatoga yoʻl qoʻydik. Lekin bitta gol boʻldi. “Andijon” bilan oʻyinimizni oling, 0:0 hisobida tugashi ham mumkin edi. Lekin biz bitta zarba yoʻlladik. Bu - futbol.
- Mavsum oxirida “Navbahor”ni yuqori oʻrinlarda koʻramizmi? Muxlislarga shuni va’da qila olasizmi?
- Men bashoratchi emasman. Ishlashda davom etyapmiz, toʻxtab qolganimiz yoʻq. Bizda muammolar bor, balki bu muammolar boshqalarga nisbatan koʻproqdir. Mavsum oxirida qaysi oʻrinda boʻlishimizni bilmayman. Yanvardagi yigʻinda faqat bir nafar futbolchi bor edi. Qaysi murabbiy 5 oyda jamoa tuzganligini menga misol keltirib bering-chi! Gvardiola jamoa tuzishi uchun klub 1,5 milliard sarfladi. Shunda ham uchinchi mavsumga kelibgina, "Manchester City" chempion boʻldi. Bizda lekin bunday imkoniyat yoʻq, choʻntagimiz toʻla pul ham yoʻq.
2027 yili biz ham chempionlikni, ham Oʻzbekiston kubogini qoʻlga kiritishimiz kerak. Buning uchun hamma narsa boʻlishi lozim.
- Oʻyindan keyin darvozabon Shukron Yoʻldoshevga nima dedingiz?
- Shukronni ruhan qoʻllab-quvvatlashga harakat qildik. Toʻgʻri, u xato qildi, lekin nailoj? Yoʻldoshev yaxshi darvozabon. Futbolda hamma xato qiladi. Koʻp oʻyinlarda maydonga tushyapmiz va magʻlubiyatni tezroq unutib, oldinga intilishimiz shart. Asosiy e’tiborni Oʻzbekiston kubogi doirasidagi bahsga qaratamiz.
- Bugun standart vaziyatlar oʻxshamadi…
- Bizda Jiyanov, Komilov kabi standartlarni yaxshi ijro etadigan futbolchilar bor. Hozirgi zamon futbolida standart vaziyat muhim ahamiyatga ega. Hamma shunday oʻynashga oʻrganib qoldi. Bugun ham harakat qildik, lekin oʻxshamadi. Bizda oson oʻyinning oʻzi yoʻq. Hamma jamoalar yaxshi saviyaga chiqib oldi. Xatolarni tahlil qilib, ishlashda davom etamiz.