locale OZ

Sergey Lushan: «Uchrashuv biz uchun juda qiyin kechdi»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Sergey Lushan: «Uchrashuv biz uchun juda qiyin kechdi»
Photo: Navbakhor PFK

O‘zbekiston Superligasining 17-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “So‘g‘diyona” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumani birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

- Bugungi o‘yin haqidagi fikringiz?

- Uchrashuv biz uchun juda qiyin kechdi. Ayniqsa, hujumda umuman ishlar yurishmadi. Bunga nima sabab bo‘layotganini tahlil qilamiz. Mehmonlar ham ko‘p vaziyatlar yaratdi, deb ayta olmayman. Bugungi bahsda teng kuchli jamoalar kurashiga guvoh bo‘ldik. Yakka kurashlar ko‘p bo‘ldi, balki g‘alaba qozona olmaganimizga maydon sabab bo‘lgandir, aniq ayta olmayman. Shunday bo‘lsa-da, futbolchilarga rahmat aytdim.

- Ruslanbek Jiyanovning zaxiraga olinishi sababi nima bo‘ldi?

- Chunki u biz kutgan o‘yinni namoyish eta olmadi. Jiyanov va Mirsaidov jamoamiz bilan asosiy yig‘inda bo‘lishmagan, ularning ikkalasi deyarli mashg‘ulot o‘tkazishmadi. Bir oy davomida umuman hech narsa qilmasdan faqat dam oldilar. Xuddi shuningdek, boshqa futbolchilar ham mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etishmadi. Boltaboev bir oyini hujjatlarini tayyorlash bilan o‘tkazdi. Xullas, hozirgi tarkibda mashg‘ulotda qatnashmagan 7-8 nafar o‘yinchi maydonga tushmoqda. Shuning uchun durangga erishganimizdan ham xursandman. Jamoada nimalar bo‘layotganini tushunish uchun uning ichida bo‘lish kerak. Men jamoa ichida bo‘lganim uchun hammasini bilaman.

- “Navbahor” ketma-ket uchta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti. Sababi nimada?

- Bu jamoaning funksional holati bilan bog‘liq. Birinchi davra oxirlarida 10 ga yaqin yoshlarni majburan asosiy tarkibga qo‘shdik, chunki zaxiramizda hech kim qolmagandi. Mana hozir ko‘ryapsiz, yoshlardan kimdir o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Biz reja bo‘yicha ishlashda davom etyapmiz. Albatta, aqllilar ham bor, bizga nima qilish kerakligini o‘rgatmoqchi bo‘ladiganlar. Lekin men ularga quloq solmayman.

- Bugungi muxlislik va performans sizga yoqdimi?

- To‘g‘risi, o‘yin paytida butun e’tiborimni faqat maydonga va futbolchilarning harakatiga qarataman. Ba’zan baqirishadi, lekin men e’tibor bermayman, ba’zan tushunmayman ham. Muxlislik har doim jamoaga nisbatan bir xil bo‘lishi kerak. Yutganda qarsak chalib, yutqazganda so‘kish – bu fan-klubning ishi emas. Bu muxlislik madaniyatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

- Yangi kelgan o‘yinchilar haqida nima deya olasiz?

- Ularning jamoamizga kelganiga endi 10 kun bo‘ldi. Biroz vaqt kerak, keyin ular ham o‘zlarini ko‘rsatadi. Bu yil biz uchun oson bo‘layotgani yo‘q, boshidagi 7 ta turnirni juda qiyin o‘tkazdik. Men yangi kelganlarga to‘liq ishonaman.

- Ketganlarni ushlab qolsa bo‘larmidi?

- Ijaraga ketganlar bo‘ldi va ularni o‘zimiz qo‘yib yubordik. Kimdurgadir ko‘proq maosh taklif qilishdi va u ketdi. Bu normal holat. Yaxshi taklif bo‘lsa, futbolchi ketadi.

- 25-avgust kuni yana “So‘g‘diyona”ga qarshi bahs olib borasiz. O‘sha o‘yinda o‘zgarishlar bo‘ladimi?

- Futbolchilar o‘zgarmaydi, 20 nafar o‘yinchi qaydnomadan joy oladi. Lekin qanday o‘yin ko‘rsatishimizni vaqt ko‘rsatadi.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting