Sergey Lushan: “Biz har bir o‘yinda maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushamiz”
O‘zbekiston kubogi, “E” guruhi, 3-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “FarDU” (3:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Bugungi o‘yinni ikki bo‘limga bo‘lish mumkin. Uchrashuvning birinchi bo‘limida garchi to‘liq ustunlikka ega bo‘lsak-da, hujumda ishlarimiz unchalik yurishmadi. Yigitlar tekis joyda futbolga o‘zgarishlar kiritishga harakat qilishdi. Futbol allaqachon kashf qilinib bo‘lingan. Ular ko‘rpani o‘zlariga tortishga intilishdi. Shunday bo‘lsa-da, bugungi o‘yin natijasidan qoniqdim. Faqat uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarida mehmonlar tomonidan urilgan gol yoqimsiz his-tuyg‘u uyg‘otdi. Uchrashuvdan so‘ng, yigitlarga o‘yinda 3:0 hisobida yutyapsizmi yoki yutqazyapsizmi, xotirjamlikka berilmay, uchrashuvning so‘nggi daqiqasigacha o‘ynashni uqtirdim.
Biz ushbu bahsda oldimizga qo‘yilgan vazifani uddaladik. Jamoamizning asosiy o‘yinchilarini “Bunyodkor”ga qarshi kechadigan uchrashuvga saqlagandik. Rejamizning 70 foizi ish berdi. Birinchi bo‘limda hammasi yaxshi kechganida, maydonga hujum chizig‘i vakillarini tushirmagan bo‘lardik. Kecha bir nafar futbolchimiz safdan chiqqanligi bois, uning o‘rniga Igor Gabrielni maydonga tushirdik va ikkinchi bo‘limda unga dam berishga qaror qildik.
Tanaffusda Abdulhayev biroz jarohati bezovta qilayotganini aytdi. Shu sababli uning o‘rniga Mirsaidovni zaxiradan maydonga tushirdik. Ta’kidlaganimdek, 70 foiz yigitlarni uch kundan so‘ng, “Bunyodkor” bilan bo‘ladigan o‘yinga saqladik. Biz oldimizga qo‘yilgan vazifani bajardik va bugungi uchrashuv natijasidan qoniqdim.
– Jamoaning hujum chizig‘iga asosiy tarkib futbolchilarini zaxiradan maydonga tushirish “Navbahor”ning o‘yini kuchayishiga olib keldi. Sizningcha, raqib jamoangizning ishtiyoqga to‘la real futbol namoyish etganligini qanchalik his qildingiz?
– Bilasizmi, safimizdagi futbolchilarning barchasi asosiy tarkib futbolchilari hisoblanadi, shu jumladan, Xoldorxonov va Ubaydullaev ham. Jo‘raboyev esa jarohati sababli, yig‘inlarda ishtirok eta olmadi. Lekin u juda iqtidorli yigit va joriy mavsumda jamoamizga yordam beradi, degan umiddaman. Ubaydullaevning jarohatga oid muammosi bor. Xoldorxonov ham juda iqtidorli futbolchi. Pozitsiyani yaxshi his qiladi. Lekin hammasi ruhiyatga bog‘liq.
Jamoamiz tarkibida zaxiradan maydonga hujumdagi 3 nafar futbolchi tushganida, qanday hissiyotlarni boshidan kechirganligini raqibdan so‘rash kerak.
Futbolchining mahorati oddiy o‘yini bilan baholanadi. Bugun zaxiradan maydonga tushgan 3 nafar futbolchi o‘zlarining mahoratini namoyish qilishdi va gollar urishdi. Mening ularga hech qanday e’tirozim yo‘q.
Lekin amalga oshiriladigan ayrim jihatlar bor va shuni tatbiq etishga harakat qilamiz.
– O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi bahslarida shogirdlaringizning harakatlarini 5 ballik tizimda necha ballga loyiq ko‘rgan bo‘lardingiz?
– To‘g‘risi, buni baholash qiyin. Chunki “Oq-tepa” bilan bo‘lgan va bugungi bellashuvda biz maydonga kam o‘yin amaliyotiga ega va jarohatidan forig‘ bo‘lgan futbolchilarni maydonga tushirdik. Ular asosiy tarkib o‘yinchilari bo‘lishganida, baholasa bo‘lardi.
“Neftchi” bilan bo‘lgan uchrashuv esa menga juda yoqdi. O‘sha bahsda farg‘onaliklar ham, biz ham g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Menimcha, “Neftchi”ga qarshi kechgan o‘yin natijasi adolatli bo‘ldi. Jamoamiz yaxshi. Buni “Navbahor”ning o‘yinini kuzatayotgan mutaxassislar ham sezishyapti, balki. Yana 5-6 nafar futbolchiga o‘yin amaliyoti kerak va umid qilamanki, ular o‘z mahoratlarini namoyish etishadi. Bu esa tarkibda raqobatni yuzaga keltiradi.
Besh ballik tizimda menimcha, jamoa o‘yinini 3 ballga loyiq ko‘rsa bo‘ladi. Balki, keyinchalik bu kerakli paytda, yuqori o‘rinlar uchun kurashlar paytida 5 ballga yetib qolar.
– Uchrashuvning birinchi bo‘limida jamoangizning o‘yini unchalik qovushmadi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar uchrashuv taqdirini hal qilishdi. Bu rejangizdan o‘rin olganmidi?
– Albatta, bu rejamizdan o‘rin olgandi. Uchrashuvning birinchi bo‘limida bizni qoniqtiradigan hisob qayd etilganda, ularni maydonga tushirmas edik. Yana 3 kundan so‘ng, Superliga doirasida “Bunyodkor”ga qarshi kechadigan o‘yinimiz bor. Shu sabab, ularni o‘sha bellashuvga asragandik. Har 3-4 kunda bitta tarkib bilan o‘yinlar o‘tkazish qiyin. Bu futbolchilarning jarohat olishlariga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa bizga kerak emas. Shuning uchun boshqa o‘yinchilarga ham imkoniyat beryapmiz.
– Pedroning holati borasida nima deya olasiz?
– U ikki hafta davomida shifokor nazoratida bo‘ldi va og‘riqlardan halos bo‘ldi. Pedro o‘zini yaxshi his qilmoqda. U juda yaxshi, tartibli futbolchi. Muammo bormi, uni hal qilish kerak. Umid qilamanki, Pedro tez orada maydonga qaytadi. Uni eski jarohati bezovta qildi. Pedro mahoratli futbolchi. U bugundan mashg‘ulotga qo‘shildi.
– “Navbahor” shu kungacha Superliga va O‘zbekiston kubogi doirasidagi bahslarda 12 ta o‘yin o‘tkazib, shulardan yarmida g‘alaba qozondi. Yutuqqa erishilgan bahslarda “Oq-tepa” hamda bugungi “FarDU” jamoalariga qarshi kechgan o‘yinlar ham bor. "Navbahor"dan keyingi jiddiy raqiblarga qarshi kechadigan bellashuvlarda ham nimadir kutsa bo‘ladimi?
– Biz har bir o‘yinda maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushamiz. Biroq uchrashuvning qanday tarzda kechishini oldindan bilmaymiz. Biz zafar quchish uchun harakat qilamiz, shunga intilamiz. Mening yigitlarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Lekin ruhiy tomondan muammolar bor.
Masalan, “Manchester Siti” va “Barselona” kabi jamoalar ham so‘nggi bahslarda mag‘lubiyatga uchrayapti. O‘yinlarda qanday holatlar yuz berishini esa oldindan bashorat qila olmaysiz. Biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Ancha o‘sishga erishdik. To‘g‘ri, ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli 5 jamoasi qatorida emasmiz, ammo shunga intilyapmiz hamda shunday klublar qatoridan o‘rin olamiz. Men bunga ishonaman. Faqat buning uchun futbolchilarni g‘alabalarga ruhan tayyorlash lozim. Yigitlarga uchrashuv hushtak bilan boshlanib, yakunlanishini uqtirish kerak. Shunda har qanday jamoa uchun “Navbahor” jiddiy raqibga aylanadi. Natijalarni yaxshilash uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz.