Sergey Lushan: «Agar jamoaga nima yetishmayotganini bilganimda, eng baxtli inson bo‘lardim»
Superliga 21-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Surxon" (0:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida Namangan klubi bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
- Jamoada ichki muhit qanday va "Navbahor"ga ayni paytda nima yetishmayapti?
- Jamoaga nima yetishmayotganini bilganimda, eng baxtli inson bo‘lardim. Mashg‘ulotlar va o‘rtoqlik o‘yinlarida hammasi ko‘ngildagidek kechmoqda, ammo rasmiy uchrashuvlarda o‘yinimiz unchalik o‘xshamayapti. Lekin yigitlarga bu borada e’tiroz yo‘q. Chunki ular harakat qilishyapti. Shuningdek, ko‘rpani o‘ziga tortayotgan futbolchilar ham bor. Futbol jamoaviy o‘yin, har kim o‘z individual mahoratini ishga soladi, degani emas. Bugungi o‘yinning ham ilk daqiqalarida 2 ta golli vaziyat yuzaga keldi. Ammo bundan foydalana olmadik.
Albatta, baxtli yashayotgan, shuningdek, janjalli, ajrashayotgan oilalar bor. Jamoa g‘alaba qozona olmasa, muhit yaxshi bo‘lishi dargumon. Klub rahbarlari, jamoa murabbiylar shtabi, shuningdek, futbolchilar ham bunday vaziyatda bosim ostida qolishadi. Endi hammasini tahlil qilib, oldinga qarab, harakatlanish lozim.
- Dostonbek Abdulhayevning bugungi o‘yiniga qanday baho berasiz?
- Menimcha, u a’lo darajada o‘ynadi. Hozir futbolchilarning o‘yinlariga baho berish emas, bugungi bellashuvdagi xato va kamchiliklarni tahlil qilishimiz lozim. Ayrim paytlarda xatolarga yo‘l qo‘yilyapti va buni to‘g‘rilash kerak. Jamoadoshining xatosini yopgan futbolchining esa intellektual mahorati yuqori bo‘ladi. Abdulhayev doimo yaxshi o‘yin namoyish etadi. Biz har bir uchrashuvda yangi futbolchini maydonga tushirishga intilyapmiz. Oldiniga Mo‘ydinov, bugun esa Islomov. Shu tariqa, sekin-astalik bilan tarkibni yangilab boryapmiz.
- Bugungi bahsda futbolchilarda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kamroqdek ko‘rindi. Bundan tashqari, ayni paytda jamoaning Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashda imkoniyatlari pasayib ketdi, shuningdek, O‘zbekiston kubogi bahslarida ham omadsizlikka uchradi. Balki ushbu omillar ham futbolchilarga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgandir? Keyin kelasi yilgi mavsumga tayyorgarlik borasida o‘ylash vaqti kelmadimi? Chunki intervyularingizdan birida 2-3 yil ichida chempionlik uchun kurashadigan jamoa tuzamiz, degandingiz...
- Yigitlarda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kam bo‘ldi, degan gapingizga qo‘shilmayman. Shogirdlarim harakat qilishdi, faqat omad kelmadi. Nega bunday bo‘layotganini esa tushuntira olmayman. Bunday holatlar har bir jamoada bo‘lib turadi. Birinchi davrada Orinboev juda yaxshi o‘ynayotgan edi. Hozir esa o‘yini chiqmayapti. Tarkibda ikki-uch nafar yetakchilarning borligi ko‘ngilni hotirjam qiladi. Biroq ayni paytda "Navbahor"da bunday futbolchini ko‘rmayapman.
Albatta, raqiblar ham jamoamizning o‘yinlarini tahlil qilib, kuchli tomonlarini o‘rganishadi. Tarkibimizda 24 nafar futbolchi bor. Ulardan 14 nafari joriy mavsumning so‘nggi qishki o‘quv-mashg‘ulot davomida jamoa tarkibiga qo‘shilgan. Ularning ko‘pchiligi yosh mahalliy futbolchilar. Ularni sekin-asta asosiy tarkibga tayyorlab boramiz.
"Mash'al" jamoasini yirik – 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratganimizdan so‘ng jamoa mashg‘ulotlar jarayoni va o‘yinida ham o‘sish yuz berdi. Ammo O‘zbekiston kubogi musobaqasini alamli tarzda tark etdik. Endi bu yog‘iga hammasini unutib, faqat oldinga qarab intilish, kimdir tashabbusni o‘z qo‘liga olishi kerak. Shunday yetakchi futbolchi yetishmayapti, hozircha jamoada. O‘tgan mavsumda esa Hamrobekov, Iskanderov singari shunday salohiyatga ega futbolchilar bor edi. Ular bilan birga Boltaboev ham ancha yaxshi o‘yin namoyish etardi. Mazkur o‘yinchilar jamoa uchun qiyin vaziyatlarda barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishardi. Hozir esa bunday futbolchini "Navbahor"da ko‘rmayapman.