locale OZ

Sergey Lushan: «Agar hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi»

«Navbahor» bosh murabbiyi «Buxoro»ga uchralgan yirik g'alabadan keyin fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Sergey Lushan: Agar hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi
photo: Navbahor FK

Superliganing 22-turidan oʻrin olgan “Buxoro” – “Navbahor” (5:0) uchrashuvidan keyipgi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

“Lochinlar” ustozi odatdagidek, oʻz soʻzini oʻyin haqidagi fikrlari bidan boshladi.
– Uchrashuv borasida nima deyishim mumkin, biz 0:5 hisobida magʻlubiyatga uchradik. Bahsning 1-boʻlimini juda rasvo oʻtkazdik. Natija haqqoniy, boisi, himoyani oʻylamay, futbol oʻynalsa, natijasi shunday boʻladi. Balki, oʻz darvozamizdan 6 ta toʻp oʻtkazishimiz ham mumkin edi.

Raqibni gʻalaba bilan tabriklayman. Jamoamizda har tomonlama muammolar yetarli: qarzdorlikdan tortib, shartnomalargacha. Oʻylaymanki, yaqin orada jamoaga eʼtibor qaratilib, vaziyat yaxshi tomonga oʻzgaradi. Toʻgʻrisini aytsam, baʼzi oʻyinchilarimiz uchun mavsum tugadi. Chunki ular jamoa uchun emas, jamoaga qarshi futbol oʻynashyapti. Vaziyatni oʻzgartirishga harakat qilyapmiz, lekin oʻxshamayapti.

- OʻzPFL tomonidan eʼlon qilingan uchrashuv statistikasini koʻrganimizda, “Navbahor” “Buxoro”dan koʻp jihatlar boʻyicha oldinda ekanligi koʻrindi. Lekin tablodagi hisob buning aksi boʻldi. Nima, jamoangiz oʻynashni xohlamadimi?
- Yana qaytarib aytaman, bugungi oʻyindan keyin yarim jamoa aʼzolari uchun mavsum tugadi. Chunki baʼzilar bugun raqib foydasiga harakat qilishdi. Men buni boshqacha tushuntirib bera olmayman. Hammasini tahlil qilamiz.

- “Buxoro”dan shunday qarshilik kutganmidingiz?
- Qanday qarshilik haqida gapiryapsiz? Biz oʻzimizga oʻzimiz beshta gol olib keldik. Agar hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi. Albatta, oson boʻlmasligini bilardik, raqibni hurmat qilamiz. Lekin oʻyinni koʻring, faqat oʻzimiz yutqazdik.

- Tezkor gollar ham oʻyinga oʻz taʼsirini oʻtkazdimi?
- Yana qaytaraymi? Bizda bugun maydonda faqat uch kishi futbol oʻynadi. Yettita oʻyinchimiz umuman oʻynamadi. Toʻgʻri, qarzdorlik bor, balki boshqa klublarda ham bordir. Jamoa uchun oʻynamaslik bugun boshlangani yoʻq. Ikkinchi davra boshlanibdiki, jamoaga qarshi oʻynash davom etyapti. Nimalar boʻlayotganini tushunmayapman. Birinchi davradagi jamoadan asar qolmagan.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting