Sardor Qulmatov faoliyatini “Buxoro” safida davom ettiradi
"Jamoamiz safida himoyachi sifatida to‘p surib, nafaqat mudofaa, balki hujumlarda ham faol ishtirok etib kelayotgan, o‘zining jangovar ruhi va fidoyiligi bilan muxlislar mehrini qozongan tajribali futbolchi Sardor Qulmatov faoliyatini “Buxoro” safida davom ettiradi. Klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma yana bir yilga uzaytirildi. Sardor Qulmatov ushbu mavsumda Superliga doirasida 29 uchrashuvda maydonga tushib, jami 1713 daqiqa harakat qilgan. Nasaf darvozasiga gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Uning barqaror va professional o‘yini jamoaning himoya chizig‘ini mustahkamlaydi va raqiblarga qarshi ishonchli o‘yin namoyish etadi.
Jamoamizning himoya qo‘rg‘onida o‘zining ishonchli va sifatli o‘yini bilan jamoamizni keyingi mavsum Superligada ishtirok etishiga munosib hissa qo‘shgan tajribali himoyachi Muxammad Yo'ldoshev navbatdagi mavsumda jamoamiz safida faoliyat olib boradi. Muxammad Yo'ldoshev o‘tgan mavsumda jamoamiz tarkibida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 2170 daqiqa harakat qildi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, u ushbu o‘yinlarda 4 ta golli uzatma muallifiga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.
Ishonamizki, Sardor hamda Muxammad yangi mavsumda ham o‘z mehnati, tajribasi va mahorati bilan jamoamiz oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlariga erishishga katta hissa qo‘shadi.
Futbolchilarimizga yangi mavsumda sog‘liq, barqaror o‘yin va jamoamiz bilan birgalikda yangi g‘alabalar tilaymiz!",-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.