locale OZ

Sardor Mirzayev: «Jamoamizga foydam tegsa xursand bo'laman»

Mirzayev klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida bir nechta fikrlarni bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Sardor Mirzayev: «Jamoamizga foydam tegsa xursand bo'laman»
Фото: Локомотив ПФК

Sardor Mirzayev jarohat sababli so‘nggi ikki yil davomida futbol o‘ynay olmadi. U OKMKda juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi.

"Lokomotiv"ga kelganida ham yaxshi formada emasdi. Sekin-asta tiklanib bordi va hozirgi paytda o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Mirzayev klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida bir nechta fikrlarni bildirdi.

"Nasaf" bilan o‘yin haqida
— O‘yin yaxshi o‘tdi. Boshida kutilmaganda gol o‘tkazib yubordik, shunga qaramay o‘z kuchimizga ishondik. Juda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdik.

Bosh bilan urgani gol haqida
— Bu golni uzoq kutdim. Ancha vaqtdan beri gol urishni o‘ylab yurgandim. G‘uzorda "Mash'al" darvozasiga ham gol urgandim, biroq hisobga olinmagandi. Jamoamizga foydam tekkani uchun xursandman. Niyatim — ko‘proq gol urib, "Lokomotiv"ga yanada yordam berish.

Futbolda har bir gol muhim. Tanaffusga hisobni tenglashtirib chiqib ketganimiz ham yaxshi bo‘ldi. Bosh bilan urgam gollarim sanog‘li emas, juda ko‘p urgaman.

G‘alabani kimga bag‘ishlagani haqida
— Jamoamizga bag‘ishladim. Bizga uch ochko juda zarur edi. Turnir jadvalida jamoalar zich joylashgan. Juda qiziqarli chempionat bo‘lyapti. Holatimizni biroz bo‘lsa-da yaxshilab oldik. Shu ruhda davom etishga harakat qilamiz.

Hozirgi sport formasi haqida
— Jarohat sabab uch hafta o‘ynay olmadim. Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman.

Olti yildan keyin O‘zbekiston chempionatida gol urgani haqida
— Ha, bu juda katta muddat. Orada to‘rt yilni Tailandda o‘tkazdim. Qaytganimdan keyin jarohat olib yana maydonga tusha olmadim. Uzoq vaqtni davolanish bilan o‘tkazdim.

Shuncha vaqt sabr qilgani haqida
— Hammasi uchun Xudoga shukur qilaman. Jarohat sabab chetda qolish og‘ir. Ayniqsa bu yoshda oson emas. Ko‘pchilik futbolni tugatib qo‘yganini ham bilamiz. To‘g‘risi, mendayam shunday o‘y bo‘ldi. Tugatsammikan deb o‘yladim. Lekin harakatdan to‘xtamadim. Sabr qilib sog‘ayishimni va maydonga qaytishni kutdim. Yaqin insonlarim yonimda bo‘lgani dalda berdi.

Fursatdan foydalanib OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovga, klub bosh direktori Bahodir Mirzayevga rahmat aytmoqchiman. Ular jarohatdan tiklanishim uchun ko‘p yordam berishdi. Keyin jamoani tark etdim, Olmaliq jamoasiga o‘zim istagandek yordam bera olmadim. Balki kelajakda yana yo‘llarimiz kesishar.

Ikkinchi yoshlikka qaytishi haqida
— (kuladi) Hammasi Xudodan. Kuchim yetguncha futbol o‘ynamoqchiman. Kuchim yetmasligini sezsam faoliyatimni yakunlayman.

Tailand chempionati haqida
— Tailanddagi to‘rt yilim o‘zim uchun yaxshi o‘tdi. U yerda uch mavsum harakat qilib, 30 ta gol urdim, 25 ta golga uzatma berdim. Yaxshi taassurot qoldirdim deb o‘ylayman, aks holda uzoq vaqt o‘ynamagan bo‘lardim.

Yoshlarga Tailandga borishni maslahat bermagan bo‘lardim. Baribir Tailand chempionati saviyasi biznikidan past. Men 30 yoshdan keyin ketganim uchun buni normal holat deb o‘ylaganman. Lekin yoshlarga bormasin degan bo‘lardim, faqat Evropani ko‘zlash kerak.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting