Sanjar Quvvatov: «Hozir natija uchun o‘ynaydigan emas, zaxirani o‘ylab ish qiladigan payt»
“Paxtakor” nazorat uchrashuvida Kosovoning "Prishtina Re" klubiga qarshi maydonga chiqdi. 1:2 hisobida yakuniga yetgan o‘yindan so‘ng Sanjar Quvvatov kichik intervyu berdi.
"Yig‘indagi ikkinchi o‘yinni o‘tkazdik. Afsuski, raqib ikkita hujum qildi, ikkita gol urdi. Ikkinchisida qarshi hujumdan foydalandilar. Aslida biz burchak zarbasini tepgan edik. Mavsumoldi yig‘inlardagi bu kabi o‘yinlarda turli eksperimentlarni sinab olamiz. Mana, ikki o‘yindirki, asosiy tarkibda 11 nafar yosh futbolchi tushmoqda. Agar hozir biz dastlabki daqiqalardanoq asosiy tarkib bilan harakat qilsak, bu kabi o‘yinlarda g‘alaba qozonamiz, ammo ertaga zaxiramiz uchun kerak bo‘lgan yoshlarni o‘yinsiz qoldirgan bo‘lamiz. Bu yil oldimizda katta bir mavsum turgan paytda, yig‘inda ko‘proq asosiy urg‘uni tajribali futbolchilar bilan yoshlarni qorishirib olishga qaratishimiz kerak".
- "Paxtakor"ning bugungi holatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, mavsumda muxlislar klubdan nima kutishsa bo‘ladi?
- Unutmaylik, bugun asosiy tarkibga kirishi mumkin bo‘lgan 5 nafar futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ixtiyorida. Bo‘riev, Hamraliev, Abjumajidov va Turg‘unboev kabi asosiy tarkib o‘yinchilari jarohatlarni davolash bilan band. Shunda ham bizda 22 nafar futbolchi ikkiga bo‘lingan holda o‘ynay olyapti. Demak, bizda yaxshi jamoa bor va 2026 yil o‘zimiz ishtirok etadigan barcha musobaqalarda maksimal natijani vazifa qilib olamiz.