Samvel Babayan: “Kerakli natijaga erishish uchun maksimal darajada harakat qilamiz”
“Andijon” jamoamizning Oʻzbekiston U21 termasiga qarshi oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvidan keyin bosh murabbiy Samvel Babayan klub matbuot xizmatiga quyidagicha fikr bildirdi:
- Bugungi oʻrtoqlik uchrashuvi oldimizda turgan Osiyo Chempionlar ligasi oʻyini oldidan oxirgi tayyorgarlik bosqichi boʻldi. Chempionat yakunlanganidan keyin yigitlarga 5-dekabrgacha xordiq bergandik va shu sanadan tayyorgarlikka kirishganmiz. Albatta, tarkibimizda muammolar bor edi, jumladan, jarohatlanganlar bir nechtani tashkil qiladi. Qiyin mavsumdan keyin jarohat olganlar 2-3 kun oldin qoʻshilishdi, optimal tarkibni shakllantira olmadik. Shunday boʻlsa-da, shu oʻyinlar orqali imkoniyatlarimizni koʻrib oldik. Yigitlar talablarimizni aʼlo darajada bajarishdi, ayniqsa, “Bunyodkor” bilan boʻlgan chempionatdagi oxirgi bahsda yaxshi oʻyin namoyish etishimizni shu oʻyin orqali koʼrsatishdi.
Ertaga Qatarga joʻnab ketamiz va u yerda 4 kun mashgʻulot oʻtkazamiz. Shu orqali “Al-Ahli”ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik koʻramiz. Umuman olganda, jamoamizning tayyorgarligi yaxshi oʻtdi. Kerakli natijani qoʻlga kiritish uchun yaxshi oʻyin koʻrsatishga va muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
Bir narsani aniq ayta olamanki, jamoadagi hamma vatanparvarlik koʼrsatib, oʻz ishimizga professionallarcha maksimum yondashib harakat qilsak, albatta, natijaga erishamiz.
Yigitlar professional. Ular oʻyinga juda yaxshi tayyorgarlik koʻrishdi va kerakli natijaga erishishga bor kuchimiz bilan maksimal harakat qilamiz. Murabbiylar shtabi bilan yigitlarga motivatsiya beradigan uslublar ustida ishlamoqdamiz.
Viloyat hokimi Shuhratbek Qoʻshoqboyevich ham jamoa bilan uchrashib, yigitlarga yaxshi motivatsiya berdilar. “Bunyodkor” bilan oʻyindan xursand boʻlib, shunday ruhda oʻynashimiz kerakligini aytib oʻtdi.
Taʼkidlab oʻtganimdek, ertaga Qatarga joʻnab ketamiz va 4 kun shugʻullanamiz. 24 dekabr kungi oʻyinga hammamiz optimal tarkibda boʻlamiz va Xudo xohlasa, ijobiy natijaga erishamiz" - dedi Samvel Vyacheslavovich klub matbuot kotibiga.