Samarqandda o‘zbek futboli yulduzlari ishtirokida xayriya uchrashuvi o‘tkaziladi
6-sentabr, shanba kuni Samarqandda "Dinamo" jamoasi faxriy o‘yinchilari va O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq futbolchilari ishtirokida katta xayriya o‘yini bo‘lib o‘tadi.
Xabaringiz bor, "Dinamo" jamoasining afsonaviy hujumchisi, tojikistonlik Muhsin Muhammadiev yil boshida bir necha bor insultni boshdan kechirdi. O‘zbek futbolida gol uruvchi hujumchi va murabbiy sifatida nom qoldirgan 58 yoshli mutaxassis so‘nggi bir necha oydan beri Moskvadagi shifoxonada og‘ir xastalik bilan kurashmoqda va uning tuzalib, tiklanishi uchun murakkab jarrohlik amaliyotlari zarur.
Muhsin Muslimovichni ruhan va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zbek futboli yulduzlaridan tuzilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq o‘yinchilari hamda "Dinamo"ning faxriy o‘yinchilari o‘rtasida "Muhsin, biz sen bilan" shiori ostida Samarqandda xayriya o‘yini tashkil etilmoqda. 6-sentabr, shanba kuni soat 17:00da san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi, soat 18:00da esa katta xayriya uchrashuvi boshlanadi! Stadionga kirish chiptasi narxi – 20 ming so‘m!
O‘yingohga keling va "Dinamo" afsonasi Muhsin Muhammadievni qo‘llab-quvvatlab, xayrli ishga hissangizni qo‘shing! Chiptalar savdosidan tushgan mablag‘ to‘liq Muhsin Muhammadievga yetkaziladi.