Saidafzalxon Ahrorov bilan shartnoma uzaytirildi
«Konchilar» jamoaning asosiy tarkibini saqlab qolish strategiyasini izchil davom ettiradi. O‘zining tartibli o‘yini va ishonchli harakatlari bilan ajralib turuvchi himoyachi Saidafzalxon Ahrorov bilan amaldagi kelashuv muddati uzaytirildi.
Yangi imzolangan bitimga ko‘ra, futbolchi kelgusi 3 yil davomida, ya’ni 2028-yil yakuniga qadar «konchilar» sharafini himoya qiladi. Saidafzalxon o‘zining taktik intizomi, himoyadagi ishonchli harakati va yuqori samaradorlik koeffitsiyenti bilan jamoamizning asosiy bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi.
Ahrorovning pozitsiya tanlashdagi aniqligi hamda raqib hujumlarini oldindan bartaraf etish qobiliyati jamoaviy taktik chizmada strategik ahamiyatga ega. Uning tarkibda qolishi OKMK mudofaasining izchilligini ta’minlash va o‘yin sifatini yanada barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Klubimiz sharafini himoya qilishda davom etayotgan futbolchimizga yangi mavsumda ulkan zafarlar va yuqori samaradorlik yor bo'lishiga ishonch bildiramiz!