Roziqul Berdiev: «OChLda ikkala jamoaga omad tilaymiz»
“Nasaf” – “Andijon” (1:1) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Roziqul Berdiev jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- E’tiborsizlik bilan o‘yinni boshladik. Raqibga yanada zichroq himoyalanish uchun yaxshi imkoniyat yaratib berdik. Shu bois, g‘alabani qo‘lga kiritishda juda qiynaldik. Raqib 0:1dan so‘ng natija uchun ko‘proq harakat qildi. Standart vaziyatlarda yoki darvozaga zarba berishda aniqroq o‘ynashimiz kerak edi. Menimcha, aynan shu yetishmadi.
- Roziqul Sa’dullayevich, doim shunaqa bo‘ladi: “Nasaf” birinchi bo‘lib gol o‘tkazsa har doim qiynaladi. “Andijon” kuchli himoya qildi...
- Agar darvozaga berilgan zarbalarda aniqroq harakat qilganimizda, ehtimol, natija boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Zarbadagi xatolarimiz ularga qo‘l keldi. Mashg‘ulotda qancha bu haqida gapirmaylik, o‘yinda vaziyat boshqacha bo‘ladi. Bosim ostida o‘ynaganda aniqlik yetishmaydi. Hotirjamlikni saqlashimiz kerak. Chempionat aynan shunday natijalar bilan qiziq bo‘lyapti. Oldimizda yana o‘yinlar bor.
- Legionerlar masalasida doim savollar tug‘ilyapti. Hali kelgani yo‘q deyishyapti. Sabab nima?
- Oldingi safar aytdik, vizani juda kech olishdi. Keyingisi ham keldi, Toshkentda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ularning holatini yaxshilashimiz kerak. Legionerlar bo‘yicha variantlarimiz juda ko‘p edi. Lekin nimadandir kelib chiqib, aynan shu futbolchilarga to‘xtalishga majbur bo‘ldik. O‘ylaymanki, ularni boshqa o‘yinlarda rotatsiya qilishga, qayerdadir charchoq bo‘lsa almashtirishga imkon beramiz. Bizga qo‘shimcha kuch bo‘ladi, degan umiddamiz.
- Bu yil “Nasaf” va “Andijon” OChLda ishtirok etadi. Jamoangizning bu boradagi vazifasi qanday va ilk bor qatnashayotgan “Andijon”ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Ikkala jamoaga ham omad tilaymiz. “Andijon” ham kuchli tarkib tuzishga harakat qilmoqda. Ko‘plab o‘yinchilarini o‘zgartirdi. Bizning vazifamiz turnirda g‘olib chiqish emas, munosib ishtirok etish. Imkon qadar guruh bosqichidan o‘tishga harakat qilamiz. Bu oson emas. Yil boshidan shu yilgi og‘ir mavsumga tayyorgarlik ko‘rdik. Chempionlikni himoya qilish ham juda og‘ir bo‘ladi. Shunga qaramay, jamoamiz hotirjam harakat qilmoqda. O‘ylaymanki, albatta, maqsadimizga erishamiz.
- Debyut qilgan Shalaning o‘yinini qanday baholaysiz?
- Endi birinchi o‘yin. Ko‘rdingizlar, biz bilan mashg‘ulotga ikki marta qatnashdi. Kuchli tomonlari bor. Bundan foydalanishimiz kerak. Tezkor, birga-bir va qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilishi mumkin.