Rosenyor: «Futbolchilar menga: «Iltimos, ketmang, murabbiy», deb aytishdi»
«Strasburg» bosh murabbiyi Liam Rozenyor o‘zining «Chelsi»ga ehtimoliy o‘tishi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi. Avvalroq u London klubidagi bosh murabbiylik lavozimiga asosiy nomzod sifatida tilga olingandi.
— Albatta, mish-mishlar borligidan xabardorman. O‘ylaymanki, bu klubimizda olib borilayotgan a’lo darajadagi ishlarning aksidir. Agar futbolchi katta klub bilan bog‘lanayotgan bo‘lsa, demak, biz ishimizni to‘g‘ri qilyapmiz. Bu holat menga ham taalluqli. Hozir futbolchilarda ijtimoiy tarmoqlar bor va ular mendan ham ko‘proq ma’lumotga ega. Yaxshiyamki, men bu gaplarga chuqur kirmayman va shunday qoladi. Futbolchilar esa, albatta, xabardor. Mashg‘ulot paytida hazil tariqasida: «Iltimos, ketmang, murabbiy», deb aytishdi. Bu shunchaki hazil, jiddiy narsa emas. Eng muhimi — barchamiz o‘z ishimizga diqqatni jamlashimiz kerak, — deydi Rozenyor.
Rozenyor qo‘l ostida «Strasburg» Fransiya chempionatida 16 turdan so‘ng 8-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa 23 ochko jamg‘argan va peshqadam «Lans»dan 14 ochkoga ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 yanvar, payshanba kuni «Chelsi» Enzo Mareska bilan shartnoma bekor qilinganini rasman e’lon qilgandi.