Ronaldu turmushdan ajrashgan taqdirda Jorjina Rodrigesga umrbod oyiga 100 ming yevrodan toʼlab boradi
Portugaliya terma jamoasi va “Аn-Nassr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu turmushdan ajrashgan taqdirda Jorjina Rodrigesga umrbod oyiga 100 ming yevrodan toʼlab boradi. Bu juftlik oʼrtasida tuzilgan nikoh shartnomasida koʼzda tutilgan. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Manba maʼlumotiga koʼra, munosabatlar tugagan taqdirda Jorjina Madridning nufuzli La-Finka turar-joy majmuasida joylashgan, bozor qiymati bir necha million yevroga baholanadigan hashamatli saroyga ham ega boʼladi.
Taʼkidlanishicha, Ronaldu va Jorjinaning asosiy maqsadi ajrashish yuz bergan taqdirda farzandlarining farovonligini taʼminlashdan iborat. Ular nikoh shartnomasini tuzish orqali bolalarning ruhiy holatiga taʼsir qilishi va shaxsiy hayot daxlsizligini buzishi mumkin boʼlgan uzoq davom etuvchi huquqiy nizolarning oldini olishni istagan.
Jorjina ushbu kelishuvda nafaqat manfaatdor tomon, balki oilaviy hayotga beqiyos hissa qoʼshayotgan hamkor sifatida ham qayd etilgan.
Ushbu hujjat 2017 yilda, Jorjina ularning katta qizi Аlana Martinaga homilador boʼlgan vaqtda imzolangan. Hujjatni tayyorlash uchun Ronalduning sobiq agenti Xorxe Mendesh masʼul boʼlgan.
Maʼlumot uchun, Ronaldu va Rodriges 11 avgust kuni Portugaliyaning Kashkaysh shahrida turmush qurdi. Ronaldu va Rodriges 2016 yilda Madridda tanishgan. Oʼshanda Jorjina Gucci doʼkonida sotuvchi boʼlib ishlagan. Bugungi kunga kelib juftlikning Аlana Martina va Bella Esmeralda ismli ikki qizi bor. Umuman olganda, ular besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. Yana uch nafar farzand — kichik Krishtianu hamda egizaklar Mateo va Yeva surrogat onalardan dunyoga kelgan.