Ronaldu Portugaliya terma jamoasiga qaytmasligi mumkin
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronalduning milliy jamoadagi kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Futbolchining singlisi Elma Aveyru akasining bosh murabbiy Jorje Jezush bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikdan so‘ng terma jamoaga qaytish ehtimoli pastligini ma’lum qildi. Bu haqda Portugaliyaning A Bola nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Elma Aveyru Lissabonda bo‘lib o‘tgan kitob taqdimoti davomida jurnalistlarning Ronalduning terma jamoaga qaytishi haqidagi savoliga javob bergan. Uning aytishicha, futbolchi va bosh murabbiy o‘rtasidagi munosabatlar hamon keskinligicha qolmoqda. ‘‘Menimcha, qaytmasligi ehtimoli yuqoriroq. Nazarimda, ikkala tomon ham ranjigan. Ishonch yo‘qolgach, munosabatlarni avvalgi holatiga qaytarish juda qiyin’’, degan futbolchining singlisi.
Kelishmovchilik Portugaliyaning Norvegiyaga qarshi Millatlar ligasi uchrashuvidan keyin yuzaga kelgan. Ronaldu o‘yin davomida zaxirada qolib, maydonga tushirilmaganidan norozi bo‘lgan va keyinchalik terma jamoa qarorgohini tark etgan. Futbolchi murabbiy bilan avvaldan kelishilgan rejaga amal qilinmaganini bildirgan. Shunga qaramay, Ronaldu milliy jamoada o‘ynashga tayyorligini ta’kidlagan. Jorje Jezush esa hujumchi istagan taqdirda terma jamoaga qaytishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli Ronaldu Portugaliya terma jamoasi tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Uning hisobida 234 ta uchrashuv va 146 ta gol mavjud. Ayni paytda Portugaliya futbol federatsiyasi futbolchining terma jamoa qarorgohini tark etgani yuzasidan intizomiy ish olib bormoqda. Ronaldu vaqtincha chetlatilgan bo‘lib, uning milliy jamoadagi keyingi faoliyati borasida yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.