«Real» Bellingham bilan shartnomani 2031 yilgacha uzaytirmoqchi
Madridning «Real» klubi yarim himoyachi Jude Bellingham bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarda ijobiy natijaga erishdi. «Qirollik klubi» kelishuvni yil oxirigacha yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «Real» 23 yoshli futbolchi bilan amaldagi shartnomani yana ikki yilga uzaytirib, uning muddatini 2031 yilgacha yetkazmoqchi. Shuningdek, klub yarim himoyachining maoshini mavsumiga 20 mln yevrodan 30 mln yevrogacha oshirishga tayyor.
Yangi kelishuv imzolangan taqdirda, angliyalik yarim himoyachi «Real» hujumchilari Kilian Mbappe va Vinisius Junior bilan bir xil darajada maosh oladi. Madrid klubi Bellingham kelajakda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Angliyalik futbolchi «Real» safida 2023 yilning yozidan beri o‘ynamoqda. Ushbu mavsumda u barcha turnirlarda sakkizta bahsda maydonga tushib, uchta gol va uchta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Ma’lumot uchun, Bellinghamning «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 160 mln yevroga baholamoqda.