Rasman: Buskets va Alba professional faoliyatini yakunladi
Ispaniya futbolining ikki yirik afsonasi — Serxio Buskets va Jordi Alba — klub futbolidagi faoliyatlariga rasman yakun yasadi. 37 yoshli Buskets bu qarorini 2025 yil sentyabrida e’lon qilgan boʻlsa, 36 yoshli Alba esa biroz keyinroq, shu yilning oktabr oyida futboldan ketishini ma’lum qilgan edi. Ikkala futbolchi ham oʻz faoliyatlarini 2025 yilgi mavsum tugagach yakunlashni rejalashtirgan va bu mavsum ular uchun haqiqiy triumfga aylandi.
Buskets 2008 yilda katta futbolga kirib kelganidan buyon «Barselona» sharafini himoya qildi. Kataloniyaliklar safida 15 mavsum o‘tkazgan yarimhimoyachi 2023 yil yozida «Inter Mayami» bilan shartnoma imzoladi. Uning klub futbolidagi faoliyati davomida 840 ta o‘yin, 19 ta gol va 62 ta golli uzatma qayd etilgan. Serxio klub darajasida 35 ta sovrin qo‘lga kiritdi: La Liga — 9 marta, Ispaniya Kubogi va Superkubogi — 7 martadan, YChL, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati — 3 martadan. Shuningdek, u MLS «regulyarka»si, Shimoliy Amerika ligalari kubogi va MLS kubogida ham bir martadan zafar quchgan. Ispaniya milliy jamoasida Buskets 143 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol va 9 ta assist qayd etdi hamda jamoa bilan birgalikda 2010 yilgi jahon chempionati va Yevro-2012'da g‘olib bo‘lgan.
Jordi Alba esa «Barselona» va «Valensiya» akademiyalarining mahsuli boʻlib, har ikki klubning asosiy jamoalarida ham u afsonaga aylangan. 2023 yildan beri u ham «Inter Mayami» safida to‘p surib kelmoqda. Uning faoliyatida «Ximnastik» (Tarragona) va «Kornelya» yoshlar jamoasidagi o‘yinlar ham bor. Alba klub futbolida jami 708 ta uchrashuvda maydonga tushib, 52 ta gol va 135 ta assist muallifi bo‘lgan. U La Ligani 6 marta, Ispaniya Kubogini 5 marta, Superkubokni 4 marta qo‘lga kiritgan, shuningdek, YChL, UEFA Superkubogi, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati, MLS «regulyarka»si, Shimoliy Amerika ligalari kubogi va MLS kubogida ham bir martadan g‘olib chiqqan.
Ispaniya milliy jamoasida Alba 93 ta o‘yinda ishtirok etib, 9 ta gol va 22 ta golli uzatma bilan yorqin iz qoldirgan. U terma jamoa bilan Yevro-2012 va 2023 yilgi Millatlar ligasida zafar quchgan.
Buskets va Alba — bir davr timsollari. Ularning futbolga qo‘shgan hissasi, yillar davomida klub va terma jamoadagi barqaror o‘yinlari, shubhasiz, futbol tarixida alohida o‘rin egallaydi.