locale OZ

«Raqobatchilarni mag'lub etish ikki karra quvonarli» – Vadim Abramov

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Raqobatchilarni mag'lub etish ikki karra quvonarli» – Vadim Abramov
Photo: Dinamo PFK

“Dinamo” – OKMK (1:0) o‘yinidan so‘ng dastlab jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob berdi.

- Avvalo, har bir o‘yinda stadionimizni to‘ldirayotgan samarqandlik muxlislarni bugun nihoyat g‘alaba bilan xursand qila olganimizdan mamnunman. Ularning qo‘llab-quvvatlovi ostida yigitlar mana shunday murakkab o‘yinlarda kuch olib, oxirigacha kurashishmoqda. OKMK – asosiy raqiblarimizdan biri, yaxshi jamoa, ularni mag‘lub etish ikki karra quvonarli. Ta’qvim zich, vaqt tig‘iz, shunga qaramay, keyingi o‘yinlargacha tezroq tiklanib olishimiz kerak.

- OKMK so‘nggi daqiqalardagi kambeklari va oxirigacha kurashishi bilan ajralib turadi. Raqibni to‘xtatish uchun qaysi omillarga e’tibor berdingiz?

- Raqib standart vaziyatlarda kuchli ekanini bilardik, shu sababdan zaxiradan tushirilgan o‘yinchilarni ham ikkinchi qavatdagi kurashlarda yutqazib qo‘ymaslikni o‘ylab harakat qildik. Shunga qaramay, raqib jamoa bosim o‘tkaza oldi. Yana uch kun o‘tib bizni yana o‘yin kutmoqda. Kuchni to‘g‘ri taqsimlashimiz kerak. Mana shunday o‘yinlar orqali jamoa kuchayadi va o‘ziga ishonchi ortadi.

- Bugun tarkibda jiddiy o‘zgarishlar ko‘rdik – Edem Nemanov Superligada ilk bor asosiy tarkibda tushdi, Hojimirzayevni hujum markazida ko‘rdik. Bu zich taqvim paytida rotatsiyami yoki hozirgi vaziyatda shunday o‘zgarishlarga majbur bo‘ldingizmi?

- Buni rotatsiya ham deyish mumkin. Lekin biz raqib jamoani o‘rganamiz va ularning standart vaziyatlarda darvoza oldida ikkinchi qavatda o‘ynashini bilardik. Asosiy darvozabonimiz bo‘yi uncha baland emas, shu sababli bo‘ydor Nemanovga ishonch bildirdik.

Hojimirzayevni hujum markaziga qo‘yganim esa Ulug‘bek Hoshimovning jarohati bilan bog‘liq. Bu vaziyatdan shunday o‘zgarish orqali chiqib ketish mumkin edi.

- O‘tgan yil viloyat hokimligi jamoaga qarorgoh qurib berishi haqida gapirgandingiz. Bu borada yangiliklar bormi?
- Bunga vaqt talab etiladi. Bu borada o‘zgarishlar bor, viloyatimiz hokimidan minnatdormiz – jamoaga e’tibor qaratmoqda. Bu borada ishlar olib borilyapti, umid qilamanki shu yilning o‘zidayoq jamoa o‘z qarorgohiga ega bo‘ladi. Ya’ni, baza tayyor, faqat uni tartibga keltirib, rekonstruksiya qilish kerak. Bu masalada ishlar olib borilyapti.

- Marko Stanoevich “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda kech tushgandi, bugun esa ertaroq tushib, tezkorligi yuqori bo‘lmasa-da, harakatlari bilan maydon markazida tartib o‘rnatdi...
- Markoning maydon markazida tartib o‘rnatishi uchun ham tushirdik. U zarba yo‘llash uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgandi, lekin negadir bunday qilmadi. U va Mirahmadov maydonga tushib, ikkinchi qavatdagi kurashlarga yordam bera olishdi. Mirjahon raqib vaziyatini boshi bilan qaytarib qoldi.

- Ulug‘bek Hoshimovning holati qanday, uni yaqin orada maydonda ko‘ramizmi?
- Biz ham hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz. Klub shifokorlari tavsiyasi bilan uni bugun maydonga tushirib tavakkal qilishni xohlamadik. “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yingacha safga qaytadimi yoki yo‘q, o‘yingacha ma’lum bo‘ladi.

- Turnir jadvali yuqori qismida jiddiy kurash kechmoqda. “Nasaf”, “Neftchi” va boshqa raqobatchilar tarkibi va byudjeti jihatidan “Dinamo”dan ancha katta imkoniyatga ega ekani barchaga ma’lum. Hozirgi holatda chempionlik uchun imkoniyatlar qay darajada?
- Imkoniyat hammada bir xil. Axir, futbolni pullar o‘ynamaydi-ku! Futbolchilar maydonda o‘ynaydi. Kurashishda davom etamiz, nima bo‘lishini esa kuzda ko‘ramiz. Mavsumni “Nasaf”ga qarshi o‘yin bilan yakunlaymiz va umid qilamanki ungacha kurashda qolamiz.

Bugungi o‘yin uchun Samarqand aholisi, muxlislarga rahmat. Ular bizga 12-o‘yinchi sifatida qo‘shimcha kuch bermoqda va so‘nggi daqiqalarda bu juda muhim. Muxlislarni xursand eta olganimizdan juda mamnunman, dedi Vadim Karlenovich matbuot anjumanida.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting