Rahimjon Davronov: «Ajoyib muhit boʻladi. Shu tomonlama menga qiziq va yoqimli boʻlyapti»
“Andijon”imizga yangi taklif qilingan va shartnoma imzolagan futbolchilardan yana biri - Rahimjon Davronov boʻlib, tajribali posbon “Burgutlar” bilan birga joriy yilgi mavsum uchun tayyorgarlikka kirishdi. Oʻz navbatida klub matbuot xizmati Davronovdan "Burgutlar" aʼzosi sifatidagi ilk intervyusini oldi.
- “Andijon” bilan shartnoma imzoladingiz va dastlabki taassurotlar qanday?
- Taassurotlar aʼlo darajada. “Andijon” jamoasiga oʻtganimdan xursandman. Avvalambor, menga yoqqan tomoni muxlislaridir. Ajoyib muhit boʻladi. Shu tomonlama menga qiziq va yoqimli boʻlyapti. Tezroq chempionat boshlanishini xohlayapman.
- Darvozabon uchun asosiy narsa nima, deb oʻylaysiz?
- Psixologiya. Oʻyin paytida qanaqa natija boʻlishidan qatʼiy nazar darvozabon birinchi navbatda oʻzini yoʻqotib qoʻymasligi kerak. Gol oʻtkazsa ham hech qachon “sinib” qolmasligi lozim. Agar goldan keyin “sinib” qolsa yana gollar oʻtkazaveradi. Shuning uchun oʻziga ishonch juda muhim. Ana shunda jamoadoshlari balki ikkita gol urib ketishi mumkin. Shu bois darvozabon uchun eng kerakligi psixologiya.
- “Andijon”dan taklif boʻlishini kutganmidingiz?
- Toʻgʻrisini aytsam, 2-3 ta variantlarim bor edi. Eng avvalo, “Lokomotiv” meni olib qolishni xohladi. “Andijon”dan taklif tushgach, birinchi oʻylaganim muxlislar va atmosfera boʻldi. U yerdagi ajoyib muhitda oʻynashni xohladim. Samvel Vyacheslavovich qoʻngʻiroq qildi. Rahbariyat bilan gaplashib oldik. Har doim Samvel Babayan boshqargan jamoada katta maqsad boʻladi. Shuning uchun ham ushbu variantni tanladim.
- Yangi mavsumdagi intriga juda kuchli boʻladi. “Andijon” ham tarkibini sezilarli darajada kuchaytiryapti. Xoʻsh, bu yilgi chempionatdan nima kutyapsiz?
- Har bir inson oldiga katta maqsad qoʻyadi. Tarkibdan kelib chiqib qaralsa, albatta vazifa yuqori. Rahbariyat ham oldimizga kerakli maqsadlarni qoʻyishgan. Oʻylaymanki, bunday tarkib va sharoit bilan bemalol vazifani bajarsa boʻladi.
- Muxlislarning jamoadan umidi katta. Ular uchun nima deya olasiz?
- Ishqibozlarga gap boʻlishi mumkin emas. Oldin bu yerda oʻynamagan boʻlsam ham ijtimoiy tarmoqlarda koʻrib turamizki, bunday qoʻllab-quvvatlovdan keyin ularni ham, oʻzimizni ham orzuyimizni amalga oshira olamiz.