«PSJ» futbolchisi odam savdosida ayblanmoqda
Versal prokuraturasi «PSJ» va Fransiya terma jamoasi himoyachisi Lukas Ernandesga nisbatan shikoyat qabul qildi. Paris Match nashrining xabar berishicha, 29 yoshli futbolchi va uning turmush o‘rtog‘i Viktoriya Triai odam savdosi hamda noqonuniy mehnatni tashkil etishda ayblanmoqda.
Ayblov Kolumbiyadan bo‘lgan besh kishilik oila (ota, ona va uch nafar farzand) tomonidan ilgari surilgan. Ularning ta’kidlashicha, mazkur oila 2024 yil sentyabridan 2025 yil noyabriga qadar juftlik uyida hech qanday rasmiy hujjatlarsiz ishlagan. Ular qo‘riqchi, uy xizmatchisi, oshpaz va enaga vazifalarini bajargan.
«Bizdan foydalanishdi va kamsitishdi, haqimizdan ancha kam pul to‘lashdi. Ular muhojirlar va ularning oilalaridan foydalanadi, hech qachon amalga oshmaydigan legallashtirishni va’da qiladi va bizga xuddi qullardek munosabatda bo‘ladi», — dedi ayollardan biri.
Kolumbiyalik oilaning advokati Lola Dyubua esa shunday bayonot berdi: «Lukas Ernandes bu oilaning og‘ir moliyaviy va ijtimoiy ahvolga tushib qolishiga sababchi bo‘lgan. Ba’zi holatlarda uning xatti-harakatlari zamonaviy qullik chegarasiga yaqinlashgan».
Qayd etilishicha, Lukas Ernandes va uning rafiqasi ushbu ayblovlardan «butunlay hayratda» qolgan.