Proliga ishtirokchilari safidan «TerDU» klubini chiqarish masalasi ko‘rib chiqiladi
Joriy yilning 10 fevral kuni «TerDU» klubi «Pro liga» ishtirokchilari safiga qo‘shilgandi. Klub musobaqaning birinchi davrasini reglament talablari asosida o‘tkazgan bo‘lsa-da, ikkinchi davraga kelib unda muammolar boshlandi.
«Pro liga»ning 21-turi doirasidagi «Aral»ga qarshi uchrashuvga «TerDU» moliyaviy holatning barqaror emasligidan kelib chiqib, bora olmadi. Avvalroq O‘FA tegishli qo‘mitasi klub uchun transfer oynasi yopilgani bo‘yicha o‘z qarorini taqdim etgandi.
Qayd etish kerak, klub «Pro liga»dagi uy uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha «Surxon» bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra «Surxon Arena»ning barcha sharoitlari mavjud bo‘lgan ikkinchi maydonidan foydalanish ko‘zda tutilgandi. Biroq «Surxon»da yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar oqibatida «Surxon Arena»ning har ikki maydoni professional futbol uchrashuvlarini qabul qila olmaydigan darajaga keldi. Keyinchalik «Surxon» Toshkent va uning atrofida joylashgan stadionlardan foydalanishni boshlagan bo‘lsa, «TerDU» mazkur masalani hal qilishda muammolarga duch keldi va asosan raqiblari bilan kelishgan holda, ular to‘p surayotgan arenalarga tashrif buyurdi.
12 oktabr kuni «TerDU» o‘z maydonida «Pro liga»ning 22-turi doirasida Respublika FA jamoasini qabul qilishi belgilangan. «Pro liga» reglamentining 14.8-bandiga zid ravishda «TerDU» mazkur uchrashuvni qaysi arenada qabul qilishi masalasiga oydinlik kiritmadi. O‘z-o‘zidan Respublika FA safar chiptalarini xarid qilish, tegishli hududdan mehmonxona band qilish va o‘z rejalarini shunga moslashtirishda qiyinchilikka duch keldi. Qolaversa, «TerDU» avvalgidek raqibi bilan o‘zaro uchrashuvni Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha ham kelisha olmadi.
Shundan kelib chiqib, Liga 22-tur doirasidagi «TerDU» — Respublika FA uchrashuvini o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni to‘liq to‘xtatdi hamda mezbon klubga texnik mag‘lubiyat yozish bo‘yicha qaror qabul qildi. Endi «Pro liga» reglamentining 9.10-bandi asosida «TerDU» klubini «Pro liga» ishtirokchilari safidan chiqarish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Liga Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulovga jar yoqasiga kelib qolgan sobiq «Qiziriq» klubini saqlab qolish, uning «TerDU» nomi bilan musobaqalardagi ishtiroki uchun sharoit yaratish kabi masalalarda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiradi. O‘tgan vaqt davomida Liga klub bilan bog‘liq bir qator o‘rganishlar olib borgan bo‘lib, bu haqda keyinroq batafsil ma’lumot berishga harakat qiladi.