Proliga-2026 ishtirokchilarini o‘rganish ishlari boshlandi
Liga avvalroq "Superliga reglamenti"ni taqdim etgandi. Endilikda esa "Pro liga reglamenti" loyihasining ishchi varianti saytga yuklandi.
Ertaga — 28 noyabr kuni Birinchi liga musobaqasining 2025 yilgi mavsumi o‘z yakuniga yetadi. Toshkent mezbonlik qilayotgan pley-off bosqichining final o‘yinida "Zamin" hamda "BuxDU" jamoalari o‘zaro maydonga tushadi. Buxoro davlat universiteti jamoasi o‘tgan mavsum ham Birinchi ligada ishtirok etgan bo‘lib, mavsumni o‘z mintaqasida 5-o‘rinda yakunlagandi. Joriy mavsumda jamoa o‘sishga erishib, G‘arbiy mintaqada uchlikka kirdi va pley-offda finalgacha yetib keldi. O‘zagini to‘liq yangilagan "Zamin" o‘tgan mavsum chorak finalda "FarDU" bilan to‘qnash kelib, imkoniyatni boy bergandi. Bu yil esa Markaziy mintaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va hal qiluvchi final o‘yiniga qadar yetib keldi.
“Birinchi liga reglamenti”ning 5.10-bandiga ko‘ra, mavsum yakuniga ko‘ra Proliga yo‘llanmasi qaysi jamoaga taqdim etilishi hamda Birinchi ligani qaysi jamoa tark etishi masalasi Liga tomonidan aniqlanishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, Superliga va Proliga musobaqasi o‘rtasida sport prinsiplari birlamchi bo‘lsa, Pro liga ishtirokchilarini aniqlashda Liga jamoalarning unga qay darajada tayyorligini monitoring qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, Liga qaror qabul qilishda mavsum davomida jamoalarning musobaqalardagi ishtiroki, hujjatlarni yuritish ishlari, buxgalteriya hisobotlari, maydonlar va ulardagi o‘zgarishlar, litsenziyalash talablariga qay darajada mos tushishi kabi holatlar xulosasiga tayanadi.
Pro ligada qatnashishni istagan jamoa “Pro liga reglamenti” orqali uning talablarini o‘rganib chiqishi mumkin. Ayni paytda Liga bir qator jamoalar bilan o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Proliga talablariga javob berishi sharti bilan ular keyingi ishtirokini mazkur musobaqada davom ettirishi mumkin bo‘ladi.