locale OZ

Prevyu: U-17 Osiyo kubogi start oldi. O‘zbekiston terma jamoasi haqida ma’lumotlar

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 10-may kuni Hindistonga qarshi uchrashuvda oq libosda harakat qiladi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Prevyu: U-17 Osiyo kubogi start oldi. O‘zbekiston terma jamoasi haqida ma’lumotlar
Фото: ЎФА

Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi musobaqasi start oldi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi dastlabki turda KXDRga qarshi bahs olib borishi rejalashtirilgandi. Biroq raqib jamoa turnirda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘lgach, vakillarimiz ilk uchrashuvini 10-may kuni Hindistonga qarshi o‘tkazadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston — Hindiston

U-17 Osiyo kubogi tarixida O‘zbekiston va Hindiston avval ham o‘zaro to‘qnash kelgan. Xususan, 2023-yilda Jamoliddin Rahmatullayev boshqaruvidagi 2006–2007-yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat jamoamiz guruh bosqichida hindlarga qarshi maydonga tushgan va Muhammedali Reimov tomonidan kiritilgan gol evaziga g‘alaba qozongandi.

O‘zbekiston 1:0 Hindiston
Gol: Muhammedali Reimov (81')

Uchrashuvning аhаmiyati

Musobaqadaning 1-tur uchrashuvida guruhimizning ikki jamoasi — Avstraliya va Hindiston o‘zaro bahs olib bordi. Unda avstraliyaliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Ma’lumki, Osiyo kubogida guruh bosqichida 1 va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritadi. Shu sababli, vakillarimiz 10-may kuni Hindiston ustidan g‘alaba qozonish orqali Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial ishtirokchisiga aylanishlari mumkin. Guruhdagi peshqadamlik masalasi esa 13-may kuni Avstraliyaga qarshi bahsda hal bo‘lishi kutilmoqda.

Musobaqaga tayyorgarlik

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi musobaqaga amaldagi chempion sifatida yetib kelmoqda. Bir yil avval Islom Ismoilov boshqaruvidagi jamoamiz tarix yozib, turnir g‘olibligini qo‘lga kiritgandi. O‘sha tarkibda bo‘lgan 2009-yilda tug‘ilgan futbolchilar — Muhammad Hakimov va Asilbek Aliyev bu safar Sergey Chigodayev boshqaruvidagi terma jamoamiz safida musobaqada ishtirok etishadi.

Turnirga tayyorgarlik doirasida terma jamoa keng qamrovli yig‘inlar o‘tkazdi. Bir nechta xorij yig‘inlari tashkil qilinib, yuqori saviyadagi raqiblarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazildi. Xususan, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Chernogoriya, Vengriya, Indoneziya, Mali hamda Marokash jamoalariga qarshi bahslar tashkil etildi.

Osiyo kubogi oldidan so‘nggi yig‘in 15-aprel kuni Toshkentda boshlandi va 22-apreldan Saudiya Arabistonining Toif shahrida davom ettirildi. Saudiya Arabistoni hamda Yamanga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazilib, taktik ishlanmalar sinovdan o‘tkazildi.

Jamoa ichki muhiti

Futbolchimiz Amirxon Erkinov mashg‘ulotlar va Osiyo kubogiga tayyorgarlik haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

“Birinchi navbatda, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz. Jamoada kayfiyat yaxshi, ishonch yuqori. Tarkibimizda avvalgi Osiyo kubogida ishtirok etgan futbolchilar ham bor va ularning tajribasi albatta bizga yordam beradi. Mashg‘ulotlarni yaxshi kayfiyatda olib boryapmiz. Saudiya Arabistoniga oldinroq kelganimiz sababli moslashish jarayoni ham yaxshi o‘tdi. Bu yig‘inda ikki uchrashuvda maydonga tushdik, murabbiylar barcha futbolchilarning imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi. O‘ylaymanki, jamoamiz musobaqaga to‘liq tayyor.”

Prevyu

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 10-may kuni Hindistonga qarshi uchrashuvda oq libosda harakat qiladi. Darvozabonimiz esa qora libosda maydonga tushadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da “King Abdullah Sports City” majmuasining “Hall Stadium” maydonida bo‘lib o‘tadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting