Penalti o'zgarishi mumkin: futbol qoidalariga yangi taklif
Futbol qoidalari uchun mas'ul xalqaro organ — IFAB (Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi)da o‘yin tartibiga jiddiy o‘zgarishlar kiritilishi mumkinligi muhokama qilinmoqda. Britaniya matbuoti, xususan The Sun nashri yozganidek, kun tartibida ikki muhim masala turibdi: penalti qoidasini isloh qilish va VAR tizimi vakolatlarini kengaytirish.
Asosiy takliflardan biri — asosiy yoki qo‘shimcha vaqtda beriladigan penaltida qaytarilgan to‘pni qayta urish imkoniyatini bekor qilish. Hozirgi qoidaga ko‘ra, darvozabon zarbani qaytarsa yoki to‘p ustunga tegsa, o‘yin davom etadi va futbolchilar to‘pni qayta jarimaga yuborishga harakat qilishadi. Yangi loyihaga ko‘ra esa, agar zarba golga aylanmasa, epizod shu zahoti yakunlanadi, to‘p o‘yinga qaytarilmaydi va o‘yin darvozadan zarba bilan qayta boshlanadi.
Islohot tashabbuskorlari bu yangilik hakamlar uchun qaror qabul qilishni osonlashtiradi, futbolchilarning tezda jarima maydoniga kirishi kabi bahsli vaziyatlarni kamaytiradi, deb hisoblamoqda. Shuningdek, penaltini aniq va faqat zarba beruvchi hamda darvozabon o‘rtasidagi duellga aylantirish maqsad qilingan.
Hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan, muhokamalar davom etmoqda. Ammo bu masala IFAB kabi yuqori darajada ko‘tarilayotgani futbolni zamonaviy talablar bilan moslashtirish urinishidan dalolat beradi.