«Paxtakor»ning OFK Elit Chempionlar ligasidagi raqibi «Al Ahli» haqida
Bugun Paxtakor OFK Elit Chempionlar ligasining yangi mavsumidagi yurishini boshlaydi. Toshkentliklar dastlabki turni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida musobaqaning amaldagi chempioni Al Ahliga qarshi o‘tkazadi.
Keling, Paxtakorning dastlabki raqibi haqida biroz to‘xtalamiz.
Al Ahli Saudiya Arabistoni futbolining eng nomdor klublaridan biri hisoblanadi. Jamoa 1937-yilda tashkil topgan va 89 yillik tarixga ega.
Klub muxlislar orasida Al Malaki (Qirollik klubi) hamda Nadi Al Ummah (Xalq klubi) laqablari bilan mashhur.
Al Ahli o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh Sport Siti majmuasidagi Alinma stadionida o‘tkazadi. Ushbu arena 62 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Al Ahli so‘nggi yillarda nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Osiyoning yetakchi klublaridan biriga aylandi. Jamoa OFK Elit Chempionlar ligasining amaldagi va ketma-ket ikki karra g‘olibi hisoblanadi.
Jiddaliklar 2024/25-yilgi mavsum finalida Yaponiyaning Kavasaki Frontale klubini 2:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgandi. Oradan bir yil o‘tib, Al Ahli o‘z unvonini himoya qildi. Jamoa 2025/26-yilgi mavsum finalida Yaponiyaning Machida Zelvia klubini qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida taslim etdi. G‘alaba golini Firas Al Buraykan kiritdi. Shu tariqa, Al Ahli 2004 va 2005-yillarda Al Ittihod qayd etgan natijadan keyin Osiyoning bosh klub turnirida ketma-ket ikki marta chempion bo‘lgan ilk jamoaga aylandi.
Jamoani ayni paytda niderlandiyalik 55 yoshli mutaxassis — Marino Pushich boshqarmoqda. U 2026-yilning 6-avgust kuni Al Ahli bosh murabbiyi etib tayinlandi va klub bilan 2028-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Pushich bungacha Tvente, Feyenoord, Donetskning Shaxtyor hamda BAAning Al Jazira klublarida faoliyat olib borgan. Shaxtyor bilan Ukraina chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan mutaxassis Feyenoord murabbiylar shtabida ham Niderlandiya chempionligini nishonlagan.
Al Ahli tarkib jihatidan Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri bo‘lib qolmoqda. Klubda Senegal terma jamoasi darvozaboni Eduard Mendi, braziliyalik himoyachi Rojer Ibanyez, Turkiya terma jamoasi a’zosi Merih Demiral, braziliyalik Galeno hamda Angliya terma jamoasida o‘ynagan Ivan Toni faoliyat olib bormoqda.
Yozgi transfer oynasida jamoa tarkibida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Riyod Mahrez va Frank Kessie klubni tark etdi. Ularning o‘rniga Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Fransisku Trinkan, Armaniston terma jamoasi yetakchilaridan biri Eduard Spertsyan, ukrainalik yarim himoyachi Artem Bondarenko singari futbolchilar bilan tarkib kuchaytirildi.
Jamoaning mahalliy futbolchilari orasida ham Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi vakillari ko‘p. Ali Majrashi, Ziyod Al Johani va Firas Al Buraykan 2026-yilgi Jahon chempionati uchun Saudiya Arabistonining yakuniy tarkibidan joy olgan. Bundan tashqari, Zakariya Havsavi va Solih Abu Al Shamat ham mundial oldidan Saudiya Arabistoni milliy jamoasi yig‘iniga jalb qilingan futbolchilar hisoblanadi. Yozda Al Hiloldan kelib qo‘shilgan hujumchi Abdulloh Radif ham Saudiya termasi safida o‘ynash tajribasiga ega.
Paxtakor va Al Ahli uchun bu Osiyo maydonidagi ilk uchrashuv emas. Tomonlar shu vaqtga qadar 4 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarda 2 tasida Paxtakor g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana 2 uchrashuv jiddaliklarning muvaffaqiyati bilan yakunlangan.
Eslatib o'tamiz, OFK Elit Chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan Al Ahli — Paxtakor uchrashuvi 14-sentabr kuni Jidda shahridagi Alinma stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.