O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi a’zolari taqdirlandi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi 2026 yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqaning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Terma jamoamiz saralash bosqichi doirasida Bahrayn (8:0) va Shimoliy Mariana orollari (8:0) ustidan yirik g‘alabalarga erishdi hamda Iordaniya termasi bilan durang (3:3) o‘ynadi. Ushbu natijalar evaziga Vladimir Panov boshqaruvidagi jamoamiz o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi va 2026 yil Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga yo‘l oldi.
Mazkur tarixiy yutuq munosabati bilan bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hamda terma jamoa a’zolari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda OFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, OFA prezidenti maslahatchisi Avaz Azizxo‘jayev va OFA bosh kotibi Avaz Maksumov ishtirok etib, terma jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabini mazkur yutuq bilan samimiy tabrikladilar.
Uchrashuv davomida jamoa a’zolariga yaratilgan sharoitlar, ularning rivojlanish istiqbollari va kelgusidagi rejalar haqida fikr almashildi. Shuningdek, xalqaro maydonda O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilgan futbolchilar va murabbiylarga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan pul mukofotlari topshirildi.
OFA rahbariyati ushbu tarixiy muvaffaqiyatga o‘z hissasini qo‘shgan har bir futbolchi, murabbiy va mutasaddilarga minnatdorlik bildirib, jamoamizga 2026 yilgi Osiyo kubogining final bosqichida muvaffaqiyat, Jahon chempionati yo‘llanmasi yo‘lida omad tiladi.