locale OZ

O'zbek klublari o'z tarixida ilk bor JCh uchun FIFAdan kompensatsiya oladi

Bu galgi musobaqa uchun ajratilgan kompensatsiya pullarining umumiy miqdori 355 million AQSH dollariga yetdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
O'zbek klublari o'z tarixida ilk bor JCh uchun FIFAdan kompensatsiya oladi
Фото: UzPFL

Tashkilot 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tgan mundialdan boshlab turnirning final bosqichida ishtirok etgan futbolchilarning klublariga kompensatsiya pullari to‘lab kelmoqda. Afrikadagi Jahon kubogida klublar o‘rtasida taqsimlangan pul umumiy hisobda 40 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, Qatarda o‘tkazilgan mundialda bu summa 209 million AQSH dollariga yetdi. Arab diyorida o‘tgan ilk Jahon kubogini guruh bosqichida tark etgan terma jamoa ham eng kamida 14 kun davomida unda ishtirok etgan hisoblanib, final bosqichidagi har bir kun uchun bir nafar futbolchiga 10 950 AQSH dollaridan kompensatsiya to‘langan.

Demak, Qatardagi Jahon kubogida futbolchilari ishtirok etgan klublar ularning har biri uchun eng kamida 153 300 AQSH dollaridan kompensatsiya olgan.

Foto: UzPFL

2026-yilda Kanada, Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon kubogidan boshlab esa Club Benefits Program — Klublarning foyda ko‘rish dasturida bir qator tamoyillar o‘zgaradi. Avvalo, bu galgi musobaqa uchun ajratilgan kompensatsiya pullarining umumiy miqdori rekord darajaga — 355 million AQSH dollariga yetdi. Ushbu summaning 100 million AQSH dollariga teng qismi esa musobaqaning qit’alararo saralash bosqichlarida ishtirok etish uchun o‘z futbolchilarini terma jamoalarga yuborgan klublar o‘rtasida taqsimlanishi belgilandi. Buning uchun, futbolchi Jahon kubogi saralash bosqichi doirasidagi rasmiy uchrashuvda o‘yin qaydnomasiga kiritilgan bo‘lishi talab etiladi. Bunda, futbolchi terma jamoasi bilan Jahon kubogiga yo‘llanma olgan yoki olmaganining ahamiyati yo‘q. Shuningdek, avvalgi tamoyillarga ko‘ra futbolchi uchun kompensatsiya olishga u so‘nggi ikki mavsum davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan klubgina haqli bo‘lsa, endilikda o‘z tarkibidagi futbolchini Jahon kubogi va uning saralash bosqichlari uchun terma jamoaga yuborgan istalgan klub dastur doirasidagi pullarni qabul qilib olishi mumkin.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon kubogiga yo‘llanma olishi mamlakatimiz futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgan bo‘lsa, endi o‘z futbolchilarini Jahon kubogi va uning saralash bosqichlari doirasidagi o‘yinlarga yuborgan klublarimizning FIFA dasturi natijasida daromad topishlari uning iqtisodiy holatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, Jahon kubogi saralashining so‘nggi ikki bosqichi doirasida Abduvohid Ne’matov 15 marta, Sherzod Nasrullayev 12 marta, Akmal Mozgovoy 10 marta, Zafarmurod Abdurahmatov 4 marta, G‘olib G‘aybullaev 2 bor va Alibek Davronov bir marta O‘zbekiston terma jamoasining o‘yin qaydnomasiga kiritildi hamda ushbu futbolchilar barcha uchrashuvlarga Nasaf futbolchisi sifatida jalb etildi. Bundan tashqari, Umar Eshmurodov umumiy 13 ta uchrashuvning 4tasida, Bobur Abduholiqov umumiy 11 o‘yinning 8 tasida Nasaf futbolchisi bo‘lgan. Demak, Qarshi klubi ushbu futbolchilarning har bir uchrashuvi uchun ma’lum miqdorda kompensatsiya pullarini ishlab topadi.

Foto: UzPFL
Foto: UzPFL

O‘z navbatida, Superliga klublarida to‘p tepayotgan bir qator legionerlar ham Jahon kubogi saralashi doirasida o‘z terma jamoalari safida maydonga tushdilar. Jumladan, Joel Kojo va Kimi Merk kabi futbolchilar Qirg‘iz Respublikasi bilan JCh saralashida ishtirok etishdi. Tojikiston terma jamoasi a’zolari Zoir Jo‘raboyev hamda Ehsoni Panjshabe kabi futbolchilar ham Superligadagi faoliyatlari davomida qo‘shnilarimiz safida mundial yo‘llanmasi uchun kurash olib bordilar. Ushbu futbolchilarning saralash davridagi huquqiy egasi bo‘lgan klublar ham o‘z-o‘zidan Club Benefits Program ishtirokchilariga aylanib, ma’lum miqdorda kompensatsiya puli oladilar.

Saralash bosqichi uchun ajratilgan 100 million AQSH dollari dunyo bo‘ylab jami minglab klublar o‘rtasida taqsimlanishini hisobga olsak, bu juda ham katta pul bo‘lmasligi mumkin. Biroq, agar o‘zbek klublari tarkibidagi futbolchilar o‘z terma jamoalari bilan Jahon kubogida ishtirok etsalar, bu klublar byudjeti uchun bir necha yuz ming AQSH dollari demakdir.

Foto: UzPFL
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting