locale OZ

O'zbek klasikosi tarixidagi eng esda qolarli bahslar

Ushbu o'yin oldidan "o'zbek klasikosi" tarixidagi eng esda qolarli bahslarni eslab o'tamiz.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
O'zbek klasikosi tarixidagi eng esda qolarli bahslar
Фото: UzPFL

13 sentyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 21-turi doirasida “Paxtakor” klubi Toshkentda “Neftchi” jamoasini qabul qiladi. Ushbu o‘yin oldidan “o‘zbek klasikosi” tarixidagi eng esda qolarli bahslarni eslab o‘tamiz.

“Neftchi” 2:0 “Paxtakor”

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligidan keyin o‘tkazilgan birinchi milliy chempionat o‘yinlarida “Paxtakor” va “Neftchi” jamoalari qo‘sh chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bu natijada jamoalarning 34-turdagi o‘yini katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Musobaqa yakunlanishiga 3 ta tur qolganda “Neftchi” jamoasi "sherlar"dan 3 ochkoga ortda borardi. 34-turda ushbu jamoalar Farg‘onada to‘qnash keldi. Ushbu uchrashuv Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yinda kiritilgan gollarga Ravshan Bozorov va Albert Saraev mualliflik qildi.

“Paxtakor” 5:4 “Neftchi”

1993-yilgi mavsum “Neftchi” jamoasining chempionligi bilan yakunlanadi. Biroq, “Paxtakor” jamoasi turnir yakunlanishiga 6 ta tur qolganda bo‘lajak chempionni mag‘lub etish orqali o‘z muxlislarini xursand qiladi.

1993-yilning 3 oktyabr sanasida “Paxtakor” Toshkentda “Neftchi”ni qabul qiladi. Uchrashuv 5:4 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlanadi. "Sherlar"ning gollariga Murod Aliev, No‘mon Hasanov, Shuhrat Maqsudov, Farhod Magometov va Mirjalol Qosimov mualliflik qiladi. Farg‘onaliklarning javob gollari esa Stepan Atoyan (2 ta), Rustam Do‘rmonov va Abdusamad Do‘rmonov hisobiga yoziladi.

“Paxtakor” 0:0 “Neftchi”

1996-yilgi O‘zbekiston kubogi musobaqasining final o‘yinida “Paxtakor” va “Neftchi” o‘zaro to‘qnash keldi. “Paxtakor” stadionida o‘tgan o‘yinning asosiy vaqti 0:0 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Ekstra-taymlar ham hisob o‘zgarmadi. Navbat penaltilar seriyasiga yetdi. Futbol lotereyasida esa “Neftchi” jamoasi g‘alabaga ega chiqdi.

“Neftchi”dan penaltilarni amalga oshirgan Sergey Ni, Rahmatullo Fuzaylov, Akmal Xolmatov, Shuhrat Shamsiyev va Sergey Andreev zarbada adashmadi. “Paxtakor”dan esa Azamat Abdurahimov, Nikolay Shirshov, Sobir Xodiyev va Dilmurod Nazarov penaltidan aniq foydalangan bo‘lsa-da, so‘nggi zarbani yo‘llagan Andrey Akopyans gol kirita olmadi. Shu tariqa, “Neftchi” jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta O‘zbekiston kubogiga ega chiqdi.

“Neftchi” 4:0 “Paxtakor”

2002-yilgi mavsum to‘liq “Paxtakor”ga atildi deyish mumkin. Jamoa O‘zbekiston chempionligi va kubogiga ega chiqdi. Ayniqsa, kubok finalida azaliy raqibi “Neftchi” ustidan g‘alaba qozondi. Biroq “Neftchi” ham ushbu mavsum o‘z maydonida muxlislariga “Paxtakor” ustidan qo‘lga kiritilgan eng yirik g‘alabasini taqdim eta oldi.

2002-yilning 5 dekabr sanasida jamoalar to‘qnash keldi. O‘zbekiston Oliy ligasining 27-turidan o‘rin olgan ushbu bahs Yuriy Sarkisyan shogirdlarining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Anvar Berdiev (2 ta), Muxtor Qurbanov va Rustam Do‘rmonov mualliflik qildi.

“Paxtakor” 6:0 “Neftchi”

2017-yilning yozida “Paxtakor” jamoasida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jamoa o‘z tarkibini Oliy liga yulduzlari va mahoratli legioner futbolchilar bilan yanada kuchaytiradi.

2017-yilning 12 avgust sanasida “Paxtakor” o‘z maydonida “Neftchi” klubini qabul qiladi. Ta'kidlash kerakki, o‘sha kezlari Vadim Abramov shogirdlarining umuman ishlari yurishmayotgan, jamoa turnir jadvalida 15-pog‘onani egallab turgan vaqtlar edi. Natija ham klublarning o‘sha vaqtdagi holatiga mos bo‘ldi.

Uchrashuvda “Paxtakor” 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Tiago Bezerra (2 ta), Azim Ahmedov, Igor Sergeev va Vladimir Kozak mualliflik qildi. Bu “Paxtakor”ning o‘z tarixida “Neftchi” ustidan qo‘lga kiritilgan eng yirik g‘alabasi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu o‘yinda Igor Sergeev tomonidan kiritilgan gol “Paxtakor” klubining Superligadagi 1700-goli sifatida tarixda qoldi.

“Neftchi” 0:4 “Paxtakor”

2025-yil boshida o‘z tarkibini yaxshigina kuchaytirib olgan “Neftchi” jamoasi ushbu yildagi birinchi “o‘zbek klassiko”si oldidan mazkur bahs favoriti deb e'tirof etilgandi. Sababi, bu vaqtga kelib “Paxtakor” klubi 5 ta o‘yinning 4 tasida mag‘lub bo‘lgan va mavsumni juda yomon start bilan boshlagan edi. Ammo 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan bahsda umuman boshqacha muhit hukm surdi.

Pedro Moreyra boshchiligidagi jamoa Farg‘onadan 0:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Uchrashuvda kiritilgan gollar “Neftchi” klubining sobiq futbolchisi Umar Adhamzoda (2 ta), shuningdek, Igor Sergeev va Brayan Riaskoslar hisobiga yozildi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting