O'zbek futboli afsonalaridan biri Tulagan Isoqov vafot etdi
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O'FA faxriylar kengashi raisi, O'FA Ijroiya qo'mitasi a'zosi, Murabbiylar kengashi a'zosi, "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi" Tulagan Isoqovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
O'zbek futbolining jonkuvar fidoyisi, Tulagan Isoqov o'z umrini futbolga bag'ishlagan. U futbolchi sifatida “Paxtakor” jamoasi sharafini 13 mavsum davomida munosib himoya qilgan, 252 o'yinda maydonga tushib, 52 gol kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Murabbiylik faoliyatida davomida “Paxtakor”, “Zarafshon” va “Surxon” jamoalarini boshqargan, shuningdek, so'nggi yillarda O'FA faxriylar kengashiga rahbarlik qilib, mamlakatimizda futbolning ommalashuvi, rivojlanishiga, bir so'z bilan aytganda, futbolning har bir jabhasida o'zining munosib hissasini qo'shgan yetuk mutaxassis edi. Yoshlarga Vatanga muhabbat, sportga sadoqat bilan yetishib chiqishi yo'lida fidokorona xizmat qilgan.