\"Oxirigacha kurashdik va omad bizga kulib boqdi\" — Abramov
«Andijon» – «Dinamo» (1:2) o‘yinidan keyin dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Ajoyib o‘yin guvohi bo‘ldik. Maydonda jami qariyb 120 daqiqa o‘ynaldi. O‘yinda hakamlar ko‘p to‘xtalish qilishdi. Bu hech kimga, xususan muxlislarga ham yoqmadi. Bunday to‘xtalishlar xokkeyda bo‘ladi. Ochiqchasiga aytsam, qandaydir tushunarsiz holatlar. Bitta vaziyatni VAR ko‘radi va ancha vaqt ketadi. Tushunish qiyin bo‘lgan vaziyatlar. «Andijon» ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, ikkinchi taymda ularda imkoniyat ko‘p bo‘ldi. O‘yinchi almashtirishlaridan so‘ng standart vaziyatlardan yanada yaxshi foydalanishlarini bilardim. Oxirigacha kurashdik va omad bizga kulib boqdi.
- Ulug‘bek Abdullayev bilan ro‘y bergan holat haqida nimalar deya olasiz?
- Ha, o‘sha holatda his-tuyog‘iga berilmasligi kerak edi. Lekin umumiy ma'noda olganda, yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Boshi qonadi va demak bu holatda raqib bilan jiddiyroq to‘qnashuv bo‘lgan. Penalti haqida ham gapirmoqchiman. O‘sha holatda hakam vaziyatga juda yaqin turgandi. Nimaga penalti belgiladi, bilmadim. Yakunda VARga murojaat qilib, bekor qilindi.
- O‘tgan mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Anvar Hojimirzaevga bu mavsumda nima yetishmayapti?
- Anvar bugun uncha yaxshi o‘yin ko‘rsatmagandir, buni o‘zi ham bilib turibdi. Lekin unga ishonaman. Keyingi uchrashuvlarda o‘zini yaxshi tomonlarini ko‘rsatadi. U jamoamizning ishonchli o‘yinchilaridan, har doim faol.
- «Dinamo» so‘nggi 10 yilda birinchi bor Andijondan g‘alaba qaytmoqda. O‘yindan avval bunga qay daraja ishongandingiz?
- G‘alaba qozonish maqsadida kelgandik. Samarqanddan uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimizga ham alohida rahmat deb aytaman. Ular bizni tinmay qo‘llab-quvvatlashmoqda. 10 yillik nohush an'anani buzish yoqimli, buni yana davom ettirishimiz kerak. Hali kubokda yana bir marotaba «Andijon» bilan o‘yinimiz bor.
- Bunday atmosferada va muxlislarning kuchli bosimida o‘ynash raqiblarga oson emas. Bunday muhitga va raqibning standartlariga tayyormidingiz?
- Tayyor edik. O‘yin davomida ko‘p mart asabiylashdim. Baribir gol o‘tkazib yubordik. Ba'zi holatlarda futbolchilarimiz to‘pga ulgurmay qolgan holatlar bo‘ldi. Kubok o‘yiniga ham boshqacha tayyorgarlik ko‘ramiz. Oldimizda esa 25 aprel kuni «Neftchi»ga qarshi yana bir muhim bahs bor, - dedi Vadim Abramov o‘yindan keyin.