locale OZ

Otabek Jo‘raqoziev: «Muxlislarimizni Superliga va OCHL uchrashuvlarida xursand qilamiz»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Otabek Jo‘raqoziev: «Muxlislarimizni Superliga va OCHL uchrashuvlarida xursand qilamiz»
Photo: Andijan PFK

“Andijon” klubining yozgi transferlaridan biri – bu “Paxtakor”dan taklif qilingan iqtidorli hujumchi Otabek Jo‘raqoziev hisoblanadi.

U jamoaning Tojikistondagi yig‘inida boshqa futbolchilar qatori faol ishtirok etmoqda va o‘zini ko‘rsatish ishtiyoqida mehnat qilmoqda. Otabek Jo‘raqoziev kuni kecha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Otabek, "Andijon"ning yangi a'zosi sifatida o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

- Assalomu alaykum! Jamoaga qo‘shilganimdan xursandman. O‘zimni juda a'lo darajada his qilyapman.

- Mashg‘ulotlarda va jamoaning ichida ko‘rdikki, siz xuddi oldindan "Andijon"da o‘ynayotgandek, eski futbolchilardek tasavvur uyg‘otayapsiz. Moslashib ketish ortiqcha muammo tug‘dirmadi, nazarimda, shunday emasmi?

- Moslashish qiyin bo‘layapti, deb ayta olmayman. Chunki jamoada ayrim futbolchilar bilan birga harakat qilganman, ayrimlari bilan esa Olimpiya terma jamoasida birga o‘ynaganman. Shu bois moslashish qiyin kechmayapti.

- Aslida "Paxtakor"dan ketishingiz va "Andijon"ga o‘tishingiz nima bilan bog‘liq?

- Qisqa qilib aytganda, o‘yin amaliyoti.

- Jamoa muxlislariga qanday aytar so‘zingiz bor?

- “Andijon” muxlislari Markaziy Osiyoda eng zo‘rlaridan deb bilaman. Bunday muxlis to‘la maydonda o‘ynash har doim yoqimli bo‘lgan. Uy uchrashuvlarini intiqlik bilan kutyapman.

- Maksim Shatskix ham kuchli hujumchi bo‘lgan va endi siz uning qo‘l ostida o‘ynaysiz. Siz ham hujumchisiz va bu hol Shatskix boshchiligida yanada "ochilishingiz"ga xizmat qiladi, deb o‘ylaysizmi?

- Albatta, Maksim Shatskix qo‘l ostida “Paxtakor”da ham o‘ynaganman. Ko‘p narsalarni o‘rgatganlar. Hozir ham o‘rganyapman va yana o‘rganishda davom etaman.

- Shatskixning o‘yinlarini eslay olasizmi? Masalan, qaysi o‘yinlari yoki gollarini?!

- Biz o‘sha paytda yosh bo‘lganmiz. Lekin telefon orqali ko‘rganman. Milliy termada eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lgan. Gollariga kelsak, eng mashhur gollaridan biri “Real” Madridga urgani bo‘lganini ko‘rganman.

- "Andijon" safida dastlabki o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdingiz, qanday taassurot qoldirdi?

- Birinchi uchrashuvni o‘tkazdik, yaxshi o‘yin bo‘ldi, deb ayta olaman. Hozir jismoniy yuklamalar bilan harakat qilyapmiz, kamchilik ham bo‘ldi. Lekin uning ustida ishlab, muxlislarimizni Superliga va OCHL uchrashuvlarida xursand qilamiz.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting