Osiyoning 2007 yildagi eng yaxshi murabbiyi Rauf Inileev 75 yoshda
O'zbek futboli faxriysi, 2007 yilda Osiyoning eng yaxshi murabbiyi, uzoq yillar davomida murabbiy va futbolchi sifatida faoliyat yuritgan va yurtdoshlarimizda ushbu sohalar rivojiga munosib hissa qo'shgan Rauf Talg'atovich Inileev 75 yoshga to'ldi.
Shu munosabat bilan bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida yubiley tadbiri bo'lib o'tdi. Unda OFA rahbariyati hamda futbolimiz faxriylari ishtirok etishdi.
Rauf Inileev o'zining professional faoliyatini 1973 yil boshida futbolchi sifatida boshlagan. 1975 yilgacha Toshkentning “Paxtakor” jamoasida to'p tepgan va keyingi yillarda “Mehnat” (Jizzax), “Start” (Toshkent) va “Star” (Jizzax) klublarida o'ynagan.
Murabbiylik faoliyatini 1989 yilda “Yoshlik” (Jizzax) klubida boshlagan. 1993 yilda Toshkentda yangi tashkil etilgan “Chilonzor” jamoasiga taklif etilib, 1996 yilgacha shu yerda faoliyat yuritgan. 1997 yilda “So'g'diyona” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanib, 2000 yilgacha klubni boshqargan. Keyinchalik “Sho'rtan”, “Andijon”, “Buxoro”, “So'g'diyona”, “Maxtaaraal” (Qozog'iston) va “Obod” klublarida ham bosh murabbiy bo'lgan.
2006 yil boshida Rauf Inileev O'zbekiston yoshlar terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. O'sha yili u jamoa bilan Qatarda o'tkazilgan Osiyo o'yinlari chorak finalida ishtirok etdi. 2006-yil oxirida Inileev O'zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy bo'ldi va 2007 yilgi Osiyo Kubogida jamoa bosh murabbiyi sifatida musobaqada chorak finalgacha yetib bordi. Shu yili Rauf Talg'atovich O'zbekiston va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb e'tirof etildi.
Uchrashuv davomida Rauf Inileevning faoliyati yodga olindi. Uning o'zbek futboli rivojiga qo'shgan hissasi e'tirof etildi. Tadbir yakunida minnatdorchilik ramzi sifatida esdalik sovg'alari topshirildi.