Osimhen «Bavariya»ga taklif qilindi, biroq nemis grandi ushbu transferga qiziqmayapti
«Galatasaroy» hujumchisi Viktor Osimhen Myunxenning «Bavariya» klubiga taklif qilingan, biroq nemis grandi ushbu futbolchining transferiga qiziqish bildirmagan. Bu haqda Bayern & Germany nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, nigeriyalik futbolchi «Bavariya»ni yuqori darajadagi klub deb hisoblaydi, biroq myunxenliklarning sport direktori Maks Eberl vositachiga tezda klub Osimhen xizmatlariga muhtoj emasligini ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, Osimhenning «Bavariya»ga ehtimoliy transferi faqatgina jamoa yetakchi hujumchisi Harri Keyn mavsum yakunida klubni tark etishga qaror qilgan taqdirda kun tartibiga chiqishi mumkin. Biroq hozircha bunday ssenariy ehtimoldan yiroq.
Ayni paytda Viktor Osimhen Turkiya Superligasida «Galatasaroy» sharafini himoya qilmoqda. Futbolchi bilan shartnoma 2025 yil iyul oyida imzolangan bo‘lib, u 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Osimhenning bozor qiymati 75 million yevroni tashkil etadi.