OKMK va Xorazm klublari uy stadionlarida integratsiyalashgan kabellashtirish ishlari yakuniy bosqichga yetdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 262-sonli qarori ijrosi doirasida Superliga klublari uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionlarda integratsiyalashgan kabellashtirish tizimini joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq, Farg‘onadagi Istiqlol stadionida kabellashtirish ishlari yakunlangani haqida xabar berilgandi.
Endilikda Olmaliq SM hamda Xorazm SM stadionlarida ham integratsiyalashgan kabellashtirish loyihasining asosiy bosqichlari yakunlandi. Hozirga qadar mazkur stadionlarda optik gibrid kabellashtirish tizimining asosiy qismi to‘liq o‘rnatildi. Ushbu dastur doirasida faqat audio kabellarni montaj qilish hamda Liga tomonidan loyihani yakuniy qabul qilish ishlari qolgan.
Rejalar to‘liq yakunlangach, OKMK va Xorazm klublari stadionlari ham zamonaviy translyatsiya standartlariga javob beradigan integratsiyalashgan kabellashtirish tizimiga ega stadionlar qatoridan o‘rin oladi. Bu esa uchrashuvlarni yuqori sifatda translyatsiya qilish, VAR texnologiyasidan samarali foydalanish hamda stadionlarning xalqaro talablarga mos texnik infratuzilmasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, mazkur dastur doirasida Nukus shahrida rekonstruksiya qilinayotgan Aral klubining Turon stadionida ham zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgan. Stadiondagi qurilish va ta’mirlash jarayonlarining yakuniy bosqichidan kelib chiqib, yaqin kunlarda integratsiyalashgan kabellashtirish tizimini o‘rnatish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.