OKMK o‘z stadioniga qaytyapti, «So‘g‘diyona» mavsumning qolgan uy uchrashuvlarini Zominda qabul qiladi
Joriy mavsum startida Superliganing bir qator jamoalari o‘z uy stadionlarida ta’mirlash ishlarini amalga oshirmoqda va bu musobaqa taqvimini shakllantirishda bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Liga klublarning o‘z maydoni yoki unga yaqin hududda uchrashuv o‘tkazishi jamoa va muxlislar uchun qulay ekanini anglasa-da, Superliga bahslarini tegishli reglament va yo‘riqnomalar talablariga javob beradigan stadionlarda o‘tkazilishini ta’minlashni o‘zining birlamchi vazifalaridan deb biladi.
"So‘g‘diyona" klubi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan Jizzaxdagi markaziy stadion hozirda kapital ta’mirdan chiqmoqda. O‘tgan yil yakunida klub asosiy stadionini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanganligi sababli, Liga istisno tariqasida "So‘g‘diyona"ga mavsumning so‘nggi ikki turini Zomindagi stadionda o‘tkazishga ruxsat bergan edi.
Jizzax shahridagi stadion ta’mirlanib boshlanganidan so‘ng, klub Zomin stadionini Superliga talablariga moslashtirish ishlarini boshladi. O‘tgan davr mobaynida stadion chivi yetarli darajada parvarish qilinib, Superliga standartlariga keltirildi. Bundan tashqari, stadionga yoritish tizimi o‘rnatildi. Hozirda esa VAR tizimini joriy etish ishlari yakuniy bosqichga yetib kelgan.
Olmaliq sport majmuasidagi maydon chivi esa o‘tgan mavsum oxiriga kelib futbol o‘ynash uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. OKMK klubi mavsum yakunlangach, o‘z uy stadionidagi maydon holatini yaxshilash ishlarini boshladi. Biroq, joriy mavsum boshlanishiga qadar maydon uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor holatga keltirilmadi.
Shu sababli, mavsumning 7-turigacha OKMK o‘z uy o‘yinlarini Olimpiya shaharchasidagi stadionda o‘tkazdi. Aprel oyi boshida Liga ishchi guruhi Olmaliq stadionini ko‘zdan kechirib, maydon holati belgilangan talab darajasiga keltirilganiga guvoh bo‘ldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, OKMK va "So‘g‘diyona" klublari 8-tur doirasidan o‘rin olgan uchrashuvlarni mos ravishda Olmaliq va Zomindagi stadionlarda o‘tkazadi.