OChL-2 musobaqasi oldidan «Andijon» qarorgohida yig‘ilish o‘tkazildi
"Andijon" 17 sentyabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasining "B" guruhi doirasidagi 1-tur o‘yinini Turkmanistonda "Arkadag" klubiga qarshi o‘tkazadi.
Shu munosabat bilan tarixiy uchrashuv bo‘sag‘asida turgan jamoaning qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda futbolchilar va murabbiylar shtabidan tashqari Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Bekzod Karimov, Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Toshpo‘latov, fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiev hamda albatta klub rahbariyati ishtirok etdi.
"Andijon" klubi OChL 2 da nafaqat viloyat, balki yurtimiz sha'nini ham himoya qiladi. Futbolchilar oldida katta mas’uliyatli vazifa turibdi. Yig‘ilishda ushbu jabha ham alohida ta’kidlab o‘tildi va jamoa a’zolarining kayfiyati bilan qiziqishdi, qanday muammo bo‘lsa to‘liq bartaraf etilishi ma’lum qilindi hamda omad tilandi. Jamoada hammasi joyida va yuqori kayfiyatda tayyorgarlik davom etmoqda.
Andijon viloyati hokimi ham jamoaning OChL 2 da munosib qatnashishi uchun to‘liq qo‘llab-quvvatlab, barcha zarur choralarni, yordamlarni ko‘rsatgan holda "Andijon"ning xalqaro maydonda mardonavor va muvaffaqiyatli qatnashishini aytib omad tilagani haqida Bekzod Karimov alohida ta’kidlab o‘tdi.
Andijon xalqi futbolchilardan ijobiy natijalar kutayotganligi aniq. Yig‘ilish ochiq va samimiy ruhda o‘tdi, o‘z navbatida futbolchilar ham barcha sharoitlar yaratilayotganini aytib, rahbariyatga minnatdorchilik izhor qildi va hamma astoydil mehnat qilib, OChL 2 musobaqasini g‘alaba bilan boshlash uchun oxirigacha kurashishlarini qo‘shimcha qilishdi.
"Andijon" ertaga Andijon aeroportidan charter reys orqali Turkmanistonga jo‘nab ketadi.
Eslatib o‘tamiz, "Arkadag" - "Andijon" bellashuvi 17 sentyabr kuni soat Toshkent vaqti bilan 18:45 da boshlanadi.