locale OZ

Nodir Eliboyev: «Bizda yangi davr boshlandi»

Falastinga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekiston ustozi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Nodir Eliboyev: «Bizda yangi davr boshlandi»
Фото: Ўзбекистон футзали

O‘zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev Osiyo Kubogi-2026 saralash bosqichi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Avvalo, Qirg‘iziston futzal federatsiyasiga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Barcha ishtirokchilarga saralash musobaqasida omad tilayman.

Tayyorlik masalasiga kelsak, biz bu yerga o‘z vazifamizni bajarish uchun keldik. Eng avvalo, Osiyo chempionatiga yo‘l olishimiz kerak. Har bir o‘yinda g‘alaba qozonishimiz shart. Saralash bosqichiga 100 foiz tayyormiz.

Bizda ham ba’zi muammolar bor, aytaylik, jarohat olgan o‘yinchilar masalasida, ammo bu boshqa mavzu, baribir to‘liq tayyormiz. Barcha futbolchilarimiz shay turibdi. To‘g‘ri, so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvida Yaponiyaga yutqazdik, lekin bundan yaxshi saboq oldik. Bu o‘yin bizga foyda keltirdi deb o‘ylayman.

Tarkib masalasida to‘xtaladigan bo‘lsak, saralash o‘yinlariga deyarli asosiy tarkibni olib keldik. Choriyev jarohatdan keyin tiklanish jarayonida, chunki u uzoq vaqt davomida jiddiy jarohatlar olgandi. Keyinroq u yana jarohat oldi va bu safargisi ancha og‘ir edi. Uning noyabr oyida safga qaytishiga umid qilamiz. U astoydil shug‘ullanmoqda, lekin hozircha hatto klubiga ham yordam berishga tayyor emas.

Ropievga kelsak, bizda yangi davr boshlanmoqda. Qirg‘iziston bosh murabbiyi aytganidek, har kimning o‘z mezonlari bor. Bizning ham o‘z vazifalarimiz mavjud. Bizda yangi federatsiya, yangi rahbariyat, terma jamoada deyarli 70 foiz yangi futbolchilar jamlangan. Biz kelajakka qarab ish tutamiz va shu mezonlardan kelib chiqib, tarkib yoshartirilmoqda. Bu tabiiy jarayon. Ropiev haqiqatan ham malakali futbolchi, lekin kelajakni o‘ylab, istiqbolli yosh futzalchilarni jalb qilishimiz kerak. Bunday tajribali o‘yinchilar o‘z o‘rnini yoshlarga bo‘shatib berishi tabiiy hol", – dedi Nodir Eliboyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston saralash bosqichida Falastin, Sharqiy Timor hamda Qirg‘iziston terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Nodir Eliboyev shogirdlari dastlabki uchrashuvni 20-sentabr sanasida Falastin terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da boshlanadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting