locale OZ

Neftchi Istiqlol stadionini translyatsiya uchun integratsiyalashgan kabellashtirish yuzasidan birinchilardan bo‘lib shartnoma imzoladi

Neftchi klubi 2025-yilgi mavsum chempionligini qo‘lga kiritgan kunda Istiqlol stadioni yilning eng yaxshi stadioni sovrinini qabul qilib olgandi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Neftchi Istiqlol stadionini translyatsiya uchun integratsiyalashgan kabellashtirish yuzasidan birinchilardan bo‘lib shartnoma imzoladi
photo: Neftchi FK

Toshkentdagi Bunyodkor hamda Olimpiya shaharchasida joylashgan stadionlarni inobatga olmasa, respublikaning qolgan katta futbol arenalaridagi eng katta muammolardan biri integratsiyalashgan kabellashtirish tizimining mavjud emasligi hisoblanadi. Stadiondagi mavjud barcha kamera platformalarini SMPTE 311:2009 standartiga mos keladigan gibrid elektr va optik kabellar bilan ta’minlash va ulanishlarni yagona patchroom orqali markazlashtirish tizimi translyatsiya sifatini yaxshilashda muhim omillardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 262-sonli qarori asosida, endilikda Superliga stadionlarida alohida VAR boshqaruv xonasi tashkil etilmoqda. Assotsiatsiya va Liga avvalroq buni Termiz va Xorazm stadionlarida sinovdan o‘tkazgan bo‘lib, 2026-yilgi mavsumdan e’tiboran barcha stadionlar Milliy futbol markazi bilan bevosita bog‘lanishi rejalashtirilgan. Shuning barobarida, translyasiyalar sifatini yaxshilash va bu bilan VAR markazi uchun sifatli tasvirlarni uzatishga erishish uchun Superliga stadionlarida integratsiyalashgan kabellashtirish tizimi ishga tushishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘chma televizion stansiyalar FIFA va OFK talablariga to‘liq mos holda faoliyat olib borishini muvofiqlashtirish uchun Prezident qarori asosida texnik talab ishlab chiqilgan bo‘lib, ayni vaqtda futbol klublari stadionlarni unga moslashtirish masalasida tegishli kompaniyalar bilan muzokara olib bormoqda.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov tashabbusi bilan Istiqlol stadionida integratsiyalashgan kabellashtirish tizimini joriy qilish bo‘yicha bugun tegishli kompaniya bilan shartnoma imzolandi. Shu tariqa, farg‘onaliklar Superliga klublari orasida mazkur talabni bajarish yo‘lida amaliy qadam qo‘ygan ilk jamoaga aylandi. Ma’lumki, joriy mavsum Neftchi OFK Chempionlar ligasi Elit musobaqasida mamlakat sharafini himoya qiladi. Shundan kelib chiqqan holda Farg‘onada Istiqlol stadionini xalqaro musobaqalarga moslashtirish ishlari olib borilmoqda.

Neftchi klubi 2025-yilgi mavsum chempionligini qo‘lga kiritgan kunda Istiqlol stadioni yilning eng yaxshi stadioni sovrinini qabul qilib olgandi. Shundan keyin ham stadionni zamonaviy talablarga moslashtirish ustida ish olib borilayotgani Liga tomonidan e’tirof etiladi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting